Mars uchun poyga hal qiluvchi pallaga kirmoqda. Dunyodagi aviatsiya, kosmik va harbiy texnikani eng yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri – Boeing korporatsiyasi bosh direktorining fikricha, uning kompaniyasi NASA aerofazoviy agentligiga yaratishda yordam berayotgan megaraketa astronavtlarni Qizil sayyoraga olib boradi va buni milliarder hamda SpaceX kompaniyasi egasi Ilon Mask va'da qilganidan avvalroq amalga oshiradi.
CNBC yangiliklar nashri jurnalistining kim, uning fikricha, Marsga odamlarni birinchi bo‘lib olib boradi - Boeing yoki SpaceX’mi, degan savoliga Boeing rahbari Dennis Mulenburg o‘z kompaniyasiga ishonishi bilan javob qaytardi.
«Ertami yoki kechmi, insoniyat Marsga baribir boradi. Hamda mening ishonchim komilki, Qizil sayyoraga qadam qo‘yadigan birinchi odam, u yerga Boeing kompaniyasi raketasi yordamida olib boriladi», - deya ma'lum qildi Mulenburg.
Eslatib o‘tish joizki, Boeing NASA’ning juda yirik raketa-tashuvchisi Space Launch System’ning birinchi pog‘onasini ishlab chiqish bo‘yicha vazifa topshirilgan asosiy pudratchi hisoblanadi. Raketani uzoq koinotga kosmik missiyalarni yetkazish, shuningdek astronavtlarni Quyosh tizimining boshqa sayyoralariga «Orion» yangi kosmik qurilmasi yordamida olib borish uchun asosiy raketa-tashuvchi sifatida qo‘llash rejalashtirilmoqda. Boeing’dan tashqari, loyihada United Launch Alliance, Orbital ATK va Aerojet Rocketdyne singari kompaniyalar ham pudratchi sanaladi. NASA aerofazoviy agentligi yaqin kelajakda Oyning yonida «Deep Space Gateway» orbital stansiyasini qurishni rejalashtirmoqda, u boshqa sayyoralar, jumladan Marsga ham yo‘lda o‘ziga xos o‘tish nuqtasiga aylanadi. Agentlik aynan shu yerda SLS raketa-tashuvchisini «Orion» kosmik qurilmasi bilan birgalikda ishlatishni rejalashtirmoqda, uning yordamida odamlar Qizil sayyoraga yetkaziladi. SLS’ning birinchi sinov parvozi 2019 yilga mo‘ljallangan.
Shu bilan birga, SpaceX rahbari Ilon Mask uzoq vaqtdan beri Marsda koloniyani qanday qilib qurish haqida bosh qotirmoqda. Buning uchun yangi raketa talab etiladi, Mask hozir aynan uni ishlab chiqish bilan shug‘ullanmoqda. O‘ta og‘ir raketa Big Falcon Rocket, yoki BFR deb nomlanadi hamda odamlarni Mars, Oy va boshqa yo‘nalishlarga jo‘natish uchun ishlatiladi. Bundan tashqari, SpaceX kelasi yilning yanvarida Falcon Heavy og‘ir klassdagi yangi raketani birinchi marta parvozga chiqarishni rejalashtirmoqda. O‘tgan haftada Mask yangi raketa bortida birinchi sinov parvozi doirasida koinotga o‘zining elektr sportkari Tesla Roadster’ni chiqarishni mo‘ljallayotgani haqida ma'lum qildi, unda Devid Bouining «Space Oddity» qo‘shig‘i yangraydi. Yo‘nalish? Mars orbitasi.
Albatta, Mulenburgning bayonotidan so‘ng Mask indamay turishi mumkin emasdi. U «Tvitter»da qisqa, biroq qo‘rs izoh qoldirdi: «Xo‘p, boshlanglar».
Boeing’dagilar esa bunga javoban chaqiriqni qabul qilishlari haqida ma'lum qilishdi va o‘sha ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifalarida: «O‘yin boshlandi», deb yozishdi.