Okeanda issiqxona gazi – metanning vujudga kelishi siri ochildi

Fan-texnika 21:00 / 08.12.2017 22580

Massachusets texnologik universiteti olimlari jamoasi okeanda metanning vujudga kelishi sirini ochdi. Ular dengizdagi eng ko‘p tarqalgan mikroblardan birida metanga aylana oladigan moddalar ajratuvchi fermentlar borligini aniqlashgan.

Sanoat va qishloq xo‘jaligi katta hajmda issiqxona gazi – metanni ishlab chiqaradi. Shuningdek, ko‘plab bakteriyalar ham metabolizm jarayonida metan ajratib chiqaradi. Uning bir qismi (aniqrog‘i 4 foizi atmosferaga tushadi) okeanda paydo bo‘ladi va bu olimlarda taajjub uyg‘otgan, chunki hanuzgacha dengiz sirti yaqinida yashab, metan chiqaradigan birorta tirik mavjudot ma'lum bo‘lmagan. 

Fosfat molekulasi ajragandan keyin metanga aylanadigan metilfosfonat moddasini ishlab chiqaruvchi mikroblar fermentlari bir necha yil avval aniqlangan. Bu fermentlar okean sirtida yashovchi Nitrosopumilus maritimus’da mavjud, biroq ularning boshqa keng tarqalgan mikroblarda borligi haqida hech narsa ma'lum bo‘lmagan.

Vilfred van der Donk jamoasi bu fermentni boshqa dengiz mikroblarida uzoq vaqt qidirgan, biroq metilfosfonatga o‘xshagan, biroq metan manbai bo‘la olmaydigan HEPD fermentini topishgan. Olimlar kislorod bo‘lmagan kamerada rentgen kristallografiyasini qo‘llab, yetishmayotgan bo‘g‘in – muayyan kimyoviy reaksiyalar natijasida HEPD izlanayotgan fermentning irsiy ketma-ketligi MPnS’ga aylanishiga olib keluvchi glutamin aminokislotasini topishdi.

Olimlar irsiy bazani tekshirib, unda MPnS fermenti kabi strukturaviy konfiguratsiyaga ega bo‘lgan minglab mikroblarni aniqlashdi va ulardan biri Pelagibacter ubique mikrobi okean sirtida katta miqdorlarda yashagan.

“Avvalgi tadqiqotlarga asoslangan ajoyib natijalar metilfosfonat metabolizmi kislorod bilan to‘yingan okeanda metanning paydo bo‘lishiga olib kelishini ko‘rsatadi”, deb aytgan Havayi universitetining okeanografiya professori Devid Karl.

Metanning yuqori konsentratsiyasi oshib bormoqda, ayniqsa sayyoramizning tropik hududlarida. Olimlar hozircha bu fenomenni tushuntirib berisha olmayapti, biroq u iqlim falokatiga olib kelishidan xavotirlanishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: