Yaponiyada me'yordan ko‘p ishlovchilarni ish joyidan “haydab chiqaruvchi” dron yaratildi

Fan-texnika 23:46 / 08.12.2017 10183

Yaponiyaning Taisei kompaniyasi sog‘liq bilan jiddiy muammolar keltirib chiqarishi va hattoki to‘satdan o‘lishga olib keluvchi ishga mukkasidan ketishga qarshi kurashishning antiqa yechimini taklif qildi. 

Engadget’ning yozishicha, Taisei ish kuni tugagandan keyin ham ishda qolib ishlovchilarni ish joyidan “haydab chiqaradigan” dron yaratdi. Dronni yaratgan mutaxassislarning g‘oyasiga ko‘ra, T-Frend deb nomlangan ushbu dron ichki o‘rnatilgan kamera yordamida xodimlarni kuzatgancha avtonom rejimda ishlaydi. Dron parraklari shovqini va u tomondan qo‘yiluvchi musiqa odamlarga xayolni jamlashga imkon bermaydi va ularni ish joylarini tark etishga majbur qiladi.

Dronning o‘ziga xos jihati shundaki, dronga xonada harakatlanish uchun GPS navigatsiya tizimi kerak emas. Dron asosiy musiqa sifatida "Auld Lang Syne" shotland qo‘shig‘ining yaponcha versiyasini qo‘llaydi. Bu musiqadan Yaponiyadagi ko‘plab muassasalarda ish kuni yakunlangani haqida ishchilarni ogohlantirishda foydalaniladi.

Dron apreldan sotuvga chiqishi kutilmoqda. Kompaniyalar dronni oyiga 445 dollardan ijaraga olishlari mumkin.  

Ta'kidlash joizki, yaponiyalik muhandislar doimiy ravishda antiqa dronlar yaratib kelishadi.

 

Ko‘proq yangiliklar: