Samsung kompaniyasi embedded Universal Flash Storage (eUFS) xotira chiplarini ommaviy ravishda ishlab chiqara boshladi. Bu esa endi kompaniyaning flagman smartfonlari u bir yil avval 256 Gb li chiplarni taqdim qilgandan keyin ikki marta ko‘proq axborot saqlashini anglatadi.
Xotira chiplari hajmi oshishi bilan ularning yozish-o‘qish tezligi ham oshdi. Yangi chipdan axborotni o‘qish 860 MB/soniya, unga axborot yozish esa 255 MB/soniya tezlik bilan kechishi mumkin. Misol uchun, chipdan 5 Gb li HD videofaylni tashqi qattiq diskka yozish uchun 6 soniya kifoya qiladi. Chipning tezligi microSD xotira kartalarinikidan 8 marta yuqori.
Kompaniyada aytilishicha, bu texnologiyaning avvalgi versiyalari avtomobil sanoatiga taqdim qilingan. Dronlar va internetga ulangan avtomobillar rivojlanishi bilan bunday chiplarga ehtiyoj keskin oshadi, shu sababli saqlanuvchi axborot hajmi ham oshadi.
Samsung o‘z qurilmalarini takomillashtirib bormoqda. Yaqinda kompaniya yangi Galaxy S9’da qo‘llanishi taxmin qilinayotgan ikkinchi aloddagi 10-nm texnologik jarayonning bir kristalli tizimini ommaviy ishlab chiqarishni boshladi.
Shuningdek, kompaniya yangi turdagi litiy-ionli batareya ishlab chiqdi, uning hajmi avvalgilariga nisbatan 45 foiz ko‘proq va 5 marta tezroq quvvatlanadi. Kompaniya bunday ko‘rsatkichlarga erishish uchun grafendan foydalandi. Endi ushbu yangi ishlanmalar kompaniyaning biror bir qurilmasida qo‘llanishi kutilmoqda.
Kompaniyalar axborotni saqlash uchun eng samarali va sig‘imkor texnologiyani yaratish borasida bir-birlaridan o‘zishga harakat qilib kelishadi. Misol uchun, qattiq disklar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniya Western Digital ma'lumotlarni mikroto‘lqinli boshqaruvga (MAMR) ega magnitli yozish usulini taqdim qildi. Kompaniyaning ta'kidlashicha, bu texnologiya 2025 yilgacha hajmi 40 Tb ni tashkil qiluvchi disklar olish imkonini beradi.