AQSh va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy urush o‘zining faol fazasiga o‘tmoqda. Amerikaliklar Xitoyni bozor iqtisodiyotiga ega davlat sifatidan tan olmasdan, antidemping choralarni qo‘llashga tayyorlanmoqda. Pekin esa shunga monand javob tayyorlab, o‘zida neft fyucherslarini oltinga ayriboshlash mumkin bo‘lgan yuan evaziga sotishni joriy etmoqchi. Gazeta.Ru Xitoy AQSh dollarini jahonning bosh neft valyutasi statusidan judo qila olish-olmasligiga qiziqib ko‘rdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari Xitoyni bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lgan davlat sifatida tan olmasligi borasida Jahon savdo tashkiloti (JST)ni rasman ogohlantirgan. Yevropa ittifoqi ham amerikaliklar tomonda. Xitoy hukumati esa o‘z mahsulotlariga haddan ziyod boj qo‘llanilmasligi uchun «bozor» statusiga ega bo‘lish uchun kurashmoqda.
Ilgariroq AQSh savdo vazirligi Xitoyda ishlab chiqarilgan alyuminiy folgasiga oid antidemping surishtiruv doirasida Xitoyni bozor iqtisodiyotiga ega davlat sifatida tan olishdan bosh tortgan edi.
O‘z navbatida, Yevropa ittifoqi yangi antidemping qoidalarini joriy etib, «bozor erkinlikdan og‘gan» va «ijtimoiy va ekologik demping» amaliyotidan foydalanayotgan mamlakatlar uchun maxsus import rejimini qo‘llamoqchi.
Bu xatti-harakatlar Pekinning e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. XXR tijorat vazirligi rasmiy vakili AQShning bayonotlari «Xitoydagi real vaziyatni jiddiy tarzda buzib ko‘rsatish» ekanligini qayd etib, Amerika tomonini xato harakatlarni to‘g‘irlash uchun real qadamlar bosishga chorlagan.
AQSh Xitoyda mahsulotlari bo‘yicha doimo antidemping surishtiruvlar o‘tkazadi va bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan mamlakatlarga nisbatan qo‘llaniluvchi qoidalarga tayanadi.
Masalan, 13 noyabr kuni AQSh savdo vazirligi xitoylik fanera ishlab chiqaruvchilar dempingga yo‘l qo‘yishgan va dotatsiyalar olishgan, degan qarorga kelgan.
XXR tijorat vazirligi savdo himoyasi va surishtiruvlar departamenti direktori Van Hejyunning «Sinhua» agentligi tomonidan e'lon qilingan so‘zlariga ko‘ra, antidemping surishtiruv mobaynida JST oldidagi majburiyatlar rad etilib, u diskriminatsion xarakterga ega bo‘lgan allaqanday «mamlakatlar misoli»ga havola qilinib o‘tkazilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar «Xitoy kompaniyalari tomonidan ulkan miqdorda taqdim etilgan daliliy materiallar»ni ko‘rib chiqishdan bosh tortishgan va Xitoy korxonalaridagi ishlab chiqarish jarayonlari haqida noto‘g‘ri xulosalarga ega bo‘lgani holda demping marjasini adolatsiz ravishda ko‘tarishgan».
Xitoy tomoni Trampning yaqinda Xitoyga qilgan tashrifi o‘zaro savdodagi qarama-qarshiliklarning bir qismini bartaraf etishidan umidvor bo‘lib turishgandi. Ikki davlat kompaniyalari o‘rtasida 250 mlrd. dollarlik bitimlar imzolanganiga qaramasdan, davlat darajasida ishda siljish kuzatilmadi.
XXR TIV rahbari o‘rinbosari Chen Jeguang Xitoy o‘z moliyaviy sektoriga kirish uchun ruxsatni kengaytirishga, import avtomobillarga tariflarni pasaytirishga va yangi energiya tashuvchilarga ega xorijiy avto ishlab chiqaruvchilar uchun cheklovlarni yumshatishga tayyor ekanligini bildirgan.
Ammo, aftidan, Donald Trampga alohida yon berishlar emas, hamma narsa birvarakayiga kerakka o‘xshayapti. U Xitoy bilan savdo munosabatlari AQSh uchun manfaatli emas, deb hisoblaydi (chunki AQSh Xitoyga eksport qilganidan ko‘ra u yerdan ko‘proq narsa import qiladi) va vaziyatni o‘zgartirishga qaror qilgan. Bozor statusini tan olmaslik va antidemping surishtiruvlar — ana shu iqtisodiy urushning elementlaridir.
Lekin Xitoyda shunga monand javob berish uchun vosita bor. Garchi bu javob to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmasa-da, uning samarasi kutilganidan ziyod bo‘lishi mumkin.
XXR AQShni global valyuta bozoridan siqib chiqarishda davom etmoqda. Ilgari Pekin XVJ valyutalariga yuanning qo‘shilishiga erishgan edi, endi esa dollarni neft uchun universal to‘lov vositasi maqomidan judo qilmoqchi.
E'lon qilingan rejalarga ko‘ra, shu yilning so‘ngiga qadar Xitoy birjalaridan birida neft uchun fyuchers savdolari yuanda amalga oshirila boshlaydi, boz ustiga, bu pullarni oltinga ayriboshlash mumkin bo‘ladi.
Neft — yuan — oltin bog‘lamasi investorlar va neft ishlab chiqaruvchi, bo‘lib ham AQSh bilan munosabatlari buzilgan Rossiya, Venesuela, Eron kabi davlatlar uchun juda jozibali bo‘lishi turgan gap.
Ayni paytda Rossiya Xitoyga neft yetkazib berish buyicha yetakchi davlat hisoblanadi. Oktyabr oyi yakunlariga ko‘ra ruslar tomonidan 4,65 mln. tonna «qora oltin» yetkazilgan. Ikkinchi o‘rinda 4,61 mln. tonna yetkazgan Saudiya Arabistoni va uchinchi o‘rinda 3,57 mln. tonna yetkazgan Angola turibdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, neft fyucherslarining yuanda sotila boshlashi — neft bozori va umuman, butun jahon iqtisodiyotining dollarlashganlikdan xalos etishga qaratilgan vositadir. Tan olish kerak, bu tez yuz beradigan jarayon emas.
O‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab OPeK davlatlari «qora oltin»ni «neft dollarlari»ga sotib kelishadi. Neft dollarining AQSh g‘aznachilik obligatsiyalariga keng konversiya qilinishi Amerika iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismi bo‘lib kelgan va kelmoqda. Biroq endi neft ishlab chiqaruvchilar o‘z neftini oltin yoki obligatsiyalarga ayriboshlash borasida strategik tanlov qarshisida qolishadi.
«Bunga qo‘shimcha ravishda Xitoy bozorning katta qismini neft fyucherslari yuanlarda savdo qilishga rozi bo‘lgan davlatlarga bermoqchi. Xitoyning yirik savdo hamkorlari bozordagi o‘z ulushini saqlab qolish ilinjida yangi qoidalarga ko‘nishga majbur bo‘ladi. Alal-oqibatda bosqichma-bosqich dollarlashishdan xalos bo‘lish yuz bera boshlaydi», — deyishmoqda tahlilchilar.
Dollarlashishdan xalos bo‘lish — so‘nggi vaqtlarda tez-tez tillarga tushayotgan trend hisoblanadi. BRICS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JARning noformal klubi) doirasida ham bunga katta e'tibor qaratilmoqda.
Birlashma doirasidagi eng yangi tashabbuslardan biri neft yuani paydo bo‘lishidan tashqari, BRICS doirasida oltin bilan savdo qiluvchi yagona tizim joriy etish bo‘ldi.
«An'anaviy tizimga ko‘ra, hammasi London yoki Shveytsariyaning shaharlari orqali o‘tadi. Bu tizim o‘z dolzarbligini yo‘qotmoqda va Hindiston, Xitoy va JARda oltin bilan savdo qiluvchi yangi markazlar paydo bo‘lmoqda. Biz BRICS doirasida ham, ikki tomonlama aloqalar vositasi ham oltin bilan savdo qilishning yagona tizimini muhokama qilmoqdamiz», — degan Rossiya Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari Sergey Shvetsov.
Hozircha bu tashabbuslar dollarning gegemonlik status-kvosini darhol o‘zgartira olmasligi tayin. Lekin Xitoy uzoq muddatlarni mo‘ljallab qadam tashlamoqda.