Tsementning yangi turi bir necha kilometr balandlikdagi binolarni qurish imkonini beradi

Iqtisodiyot 09:17 / 05.12.2017 14460

Germaniyaning Konstants universiteti olimlari vayron bo‘lishga barqaror bo‘lgan sementni ishlab chiqishganini ta'kidlamoqda. Ushbu qurilish mahsuloti bugungi kundagi eng baland osmono‘par binolardan 10 marta balandroq inshootlarni qurish imkonini beradi. Bunga olimlarning sementni biriktiruvchi asosiy element tuzilmasini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgani sabab bo‘ldi, deb yozmoqda Digital Trends.

Olimlar bugungi kunda qurilish sohasida foydalanilayotgan materialning kamchiliklari bartaraf etilgan yangi sement turini ishlab chiqish ustida izlanishdi. Ular birinchi navbatda juda yuqori bosimda paydo bo‘ladigan yoriqlarga barham berishni xohlashdi. Bunday sement nafaqat ilgari barpo qilinmagan osmono‘par binolarni qurish, balki o‘ta mustahkam, zilzilalarga bardoshli, turli binolarni barpo etish imkonini berar edi. Suv ostida yashaydigan ayrim jonivorlarni o‘rganish natijasida ushbu maqsadga yechim topildi. 

«Biz sementning nanotuzilmasini o‘zgartirdik, shu bilan ancha tartibli qildik. Yangi tuzilma dengiz tipratikonlaridan o‘zlashtirildi. Biz ushbu hayvonlarning tartibli ravishda joylashtirilgan g‘ishtlarni yodga soluvchi tikonlarini o‘rgandik. Ayni modelni biz tadqiqotimizga ko‘chirdik. Bizning asosiy yutug‘imiz shu bo‘ldiki, biz sementdagi asosiy biriktiruvchi element – kalsiy gidrosilikati kristallarining parchalanishiga barham berishning uddasidan chiqishgan. Biz ilk marotaba tartibli kaltsiya gidrosilikati ishlab chiqdik» , — deydi professor Helmut Kelfen.

Olimlarning izoh berishlaricha, ularning ixtirosi sementning elastikligini ta'minlaydi. Oddiy material siqilishga mustahkamdir, ammo cho‘zilish va egilishlarda parchalanib ketadi. Uning tartibli tuzilmasi mustahkamlikni kuchaytirish barobarida cho‘zilishga ham chidamli bo‘lishini ta'minladi. Sinovlar yangi texnologiya asosida ishlab chiqilgan sement bugungi kunda foydalanilayotgan mahsulotdan 40-100 marta kuchliroq bo‘lishini ko‘rsatdi. Birgina muammo – uning qiymatidir. Olimlarning aytishicha, bu sementni hozirgi texnologiyalar bilan ishlab chiqarish qimmatga tushadi. 

Avvalroq, Britaniya Kolumbiyasi universiteti olimlari ham 9 ballik zilzila bardosh bera oladigan sementni ishlab chiqishganini e'lon qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: