2017 yilda avval qayd qilinmagan deyarli 100 mln yangi virus dasturi paydo bo‘ldi. Bu haqda antivirus dasturlari ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi “Laboratoriya Kasperskogo” kompaniyasi asoschisi va rahbari Yevgeniy Kasperskiy Xitoyda o‘tayotgan internet bo‘yicha butunjahon anjumanida aytib o‘tdi.
“Laboratoriya Kasperskogo” tashkil etilgan 1997 yilda yiliga 500 ta virus dasturi qayd qilingan. “10 yil o‘tib, 2007 yilda bizning kolleksiyada 2 mln dan ko‘proq virus bo‘lgan. Biz joriy yilda 90 mln dan ko‘proq zararli dastur, ilova, skript, hujjatlar va boshqalar bo‘lishini kutmoqdamiz”, deb aytgan Kasperskiy.
Uning aytishicha, hozirda kompaniya virus bazasida 500 mln tadan ko‘proq fayl bor. Laboratoriya har kuni 300 mingdan ko‘proq yangi zararli dasturni aniqlaydi.
“Fikrimcha, bu anjuman o‘tayotgan vaqtda yana 1 mln ta yangi virusi paydo bo‘ladi”, deb aytdi Kasperskiy va bu “global, katta ko‘lamli muammo” ekanligini ta'kidlab o‘tdi.
Noyabr oxirida “Laboratoriya Kasperskogo” Google Play’da mobil qurilmalar uchun 85 ta zararli dastur aniqlanganini ma'lum qilgan. Bu dasturlar “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari haqidagi ma'lumotlarni o‘g‘irlagan. Bunday viruslardan bir milliondan ko‘proq odam jabr ko‘rgan bo‘lishi mumkin.
Bunday dasturlardan aksariyati “mobil o‘yinlar va ijtimoiy tarmoq uchun turli yordamchi dasturlar, misol uchun, musiqa yuklash dasturi ko‘rinishida niqoblangan.