Jyek Ma 30 yildan keyin insoniyat qanday davrga kirishiga doir fikrlari bilan bo‘lishdi

Fan-texnika 18:40 / 03.12.2017 18927

Insoniyat 30 yildan keyin yangi qiyinchilik va imkoniyatlarni o‘zida jamlagan, kooperatsiya va ko‘p tomonlama xalqaro hamkorlikni talab qiluvchi "raqamli davr"ga kiradi. Yakshanba kuni Internetni boshqarishga bag‘ishlangan IV Jahon konferensiyasida Alibaba internet-giganti asoschisi va raisi Jyek Ma shunday bayonot bilan chiqdi. 

"So‘nggi 20 yil ichida internet noldan hozirgi holatiga keldi, yaqin 30 yilda barchasi yana "nol" ko‘rsatkichiga keladi, biroq bu "nol" boshqa narsani bildiradi - biror kishi kundalik hayotini ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qila olmay qoladi, - dedi u. - Jahon iqtisodiyoti boshqa shaklga kirmoqda va 30 yildan keyin butun dunyo misli ko‘rilmagan imkoniyatlar va muammolarga to‘la yangi bir davrga kiradi. Umumiy taqdirga ega yagona jamiyat shakllanadi va barcha qiyinchiliklarni o‘zaro xabarlashib, yengib o‘tishga to‘g‘ri keladi".

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kundagi texnika inqilobi natijasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar ko‘lami o‘tmishning novatorlik muqobillaridan ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. "Shu bois tarmoq maydonidagi muammolar ko‘lamini muhokama qilish tobora dolzarb va muhim ahamiyat kasb etmoqda", - deya ta'kidladi Jyek Ma.

Alibaba asoschisi yaqin 30 yilda raqamli omil asosiy ishlab chiqaruvchi resursga aylanishini va shunga muvofiq, internet ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishini qayd etdi. Uning fikricha, yaqin 30 yilda sanoat sohalari "bandlikni oshirishni rag‘batlantiruvchi omil bo‘lishdan to‘xtaydi va ularning o‘rnini xizmat ko‘rsatish sohasi egallaydi".

Tarmoq maydonlarining kuchi
"O‘ylashimcha, agar hozir global tarmoq birdaniga yo‘qolsa, bu hodisa natijalari elektr energiyasi va neft mahsulotlari surunkali tanqisligidan-da qo‘rqinchli tus oladi", - dedi u va tarmoq maydoni hamda raqamli iqtisodiyot istiqbollaridan cho‘chishga hojat yo‘qligini qo‘shimcha qildi. 

"Oxirgi vaqtda butun sayyoramizda yangi texnologik davr borasida xavotirlar paydo bo‘la boshladi, bu go‘yoki mashinalar insondan tortib olishi mumkin bo‘lgan ishchi o‘rinlari bilan, shuningdek, sun'iy intellekt "insoniyat ustidan nazorat o‘rnatishi" va hatto "inson zotini qirib tashlashi" mumkinligi bilan bog‘liq, - deydi Jyek Ma. - Eslatib o‘taman: elektr energiyasi endigina paydo bo‘lganida jamoatchilikning ba'zi vakillarida u ishsizlikni keltirib chiqarishi mumkinligi bilan bog‘liq xavotirlarni uyg‘otgan edi, biroq oxir-oqibat, elektr energiyasi insonning turmush darajasini oshirdi".  

Korporatsiyaning direktorlar kengashi raisi o‘tgan 30 yil ichida inson ko‘pincha "robot rolini bajargani"ni aytdi. "Yaqin 30 yilda biz mashinani insonga aylantirishni rejalashtiryapmiz", - dedi u. "Shuni yodda tutish kerakki, robotning bizdan farqli o‘laroq, qalbi hamda e'tiqodi yo‘q, - qo‘shimcha qildi Jyek Ma. - Insoniyatga esa ijodiylik kabi xususiyat xos, shuning uchun o‘z kuchiga ishonishi kerak - biz mashinani nazorat qila olamiz".

Internetni boshqarish bilan bog‘liq IV Jahon konferensiyasi 3-5 dekabr kunlari Uchjenda bo‘lib o‘tmoqda. Unda 1,5 mingdan ziyod ekspert, Xitoy va xorij davlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek 430dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etishmoqda. Ishtirokchilar diqqat markazida - tarmoq xavfsizligi masalalari, global raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish istiqbollari, ilg‘or internet texnologiyalar, katta hajmdagi ma'lumotlar borasida xalqaro hamkorlik. 

Ko‘proq yangiliklar: