Tesla Inc. kompaniyasi Janubiy Avstraliya shtatida dunyodagi eng katta litiy-ionli batareyani ishga tushirdi. Batareya quvvati 100 MVt ni, sig‘imi 129 MVt/soatni tashkil qiladi.
Akkumulyator 8 soat davomida 30 ming yoki 4 soat davomida 60 ming binoni elektr energiya bilan ta'minlay oladi. Bu haqda The Sydney Morning Herald nashri xabar bermoqda.
Tesla’da ta'kidlanishicha, batareya Janubiy Avstraliyadagi elektr energiyaga katta talabni qondirishda yordam beradi.
Batareya Adelaidadan 200 km shimolda joylashgan Jyeymstaunda o‘rnatilgan. U Neoen fransuz kompaniyasi tomondan qurilgan Neoen Hornsdale shamol elektr stansiyasiga ulangan. Akkumulyator shamol generatorlari ishlab chiqaradigan energiyani saqlaydi.
Ta'kidlanishicha, Janubiy Avstraliya shtati Avstraliyada tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha yetakchilik qiladi.
Tesla ushbu batareyani qurishni 23 noyabrda yakunladi. Uning narxi 50 mln dollarni tashkil qildi.
Joriy yil martida Tesla rahbari Ilon Mask ushbu shtatdagi elektr energiya bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga va'da bergan. U 100 kun ichida 100 MVt dan kuchliroq batareyani qurib berishga va'da bergan va agar kompaniya bu ishni 1 dekabrgacha uddalay olmasa, batareya shtatga bepul topshirilishini aytgan.
Avstraliya janubida elektr energiya ta'minotidagi muammolar 2016 yil sentabridagi dovuldan keyin boshlangan. 2017 yil mart oyida esa ko‘mirda ishlovchi, mamlakatdagi eng katta issiqlik elektr stansiyasi ishlashdan to‘xtagan.