Hallig Zyuderoog nemis orolida suv o‘tkazmaydigan GoPro kamerasini tutib olishdi, u bu yerga Britaniyaning Yorkshiridagi sohilbo‘yidan kelib qolgan. Qurilma Shimoliy dengiz orqali taxminan 800 kilometr masofani bosib o‘tgan va hali ham ishlamoqda.
Kamerani oilaviy juftlik topib oldi, ular undan xotira kartasini chiqarib olishdi va videoni Feysbukka joylashtirdilar. Rolikda qo‘lida kamera ko‘tarib olgan bolaning sohilbo‘yida chopib yurgani, so‘ng uni tosh ustiga qo‘ygani va ketganini ko‘rish mumkin. Oradan bir necha daqiqa o‘tib kameraga to‘lqinlar kelib urilgan hamda uni suvga qarata olib ketgan.
GoPro’ning sayohat vaqti qanchani tashkil etgani noma'lum, sababi nemislar uning egasi va kameraning suvga tushib ketayotgani tasvirlangan qismni e'lon qilishdi, xolos. Ular Feysbuk foydalanuvchilariga murojaat qilib, videodagi bolani topishda yordam ko‘rsatishni so‘rashdi.
Nemis dengiz qidiruv-qutqaruv assotsiatsiyasi ekspertlari Qirollik milliy dengiz instituti bilan kameraning dengiz sayohatini modellashtirishdi. Mutaxassislar Yorkshirdagi sohilbo‘yi va qoyalarni payqashgan, hamda qurilma yo‘li taxminan 800 kilometrni tashkil etgani haqida ma'lum qilishdi.
«Kamera o‘z egasiga qaytmasa, juda achinarli bo‘lardi. Biz bolakay Rojdestvoda o‘zining o‘yinchog‘i bilan birga bo‘lishini xohlaymiz – bu baxtli yakunga aylangan bo‘lardi», - deydi nemis dengiz qidiruv-qutqaruv assotsiatsiyasi vakili Kristian Stipeldi.
Mutaxassislarning qo‘shimcha qilishicha, videodagi kishilar Yorkshirdan bo‘lmasligi ham mumkin, ular Shotlandiya yoki janubiy Angliyadan sohilbo‘yiga kelishgani borasida ham taxminlar bor. Rolikdagi sanaga qaraganda, kamera 1 sentabr kuni yo‘qolgan, uni noyabr oxirida topib olishdi – u taxminan ikki oy yo‘lda bo‘lgan.