Efiopiyalik 37 yoshli tadbirkor Betlexem Tilaxun dunyoning 50 mamlakatiga qo‘lda ishlangan poyabzalni yetkazib beradi, u 13 yil avval shu biznesga start bergan.
Tilaxun Addis-Abebaning Zenebevork tumanidagi sexda charm va iste'moldan chiqqan avtomobil shinalaridan soleRebels brendi poyabzalini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Bugungi kunda Tilaxunga dunyoning barcha burchaklaridan ko‘plab buyurtmalar kelib tushmoqda.
Uch farzandning onasi bo‘lgan tadbirkor "Anadolu"ga aksariyat aholisi ishsiz bo‘lgan va qashshoqlikda yashovchi Zenebevorkdagi muvaffaqiyat tarixi haqida so‘zlab berdi.
Tilaxunning so‘zlariga ko‘ra, u universitetni tugatgach, qanday qilib qo‘l ostidagi materiallar va ustalarning ijodiy ko‘nikmalarini raqobatbardosh mahsulotga aylantirish haqida o‘ylab qoldi.
Ayol uni ishlab chiqishda iste'moldan chiqqan avtomobil shinalaridan ishlanuvchi an'anaviy selate va barabasso poyabzal modellariga murojaat qilmagan. "Italiya armiyasi bilan kurash olib boruvchi mahalliy isyonkorlar shunday poyabzal kiyishgan, shuning uchun ham poyabzal rusumi soleRebels nomini olgan", - dedi Tilaxun.
Tadbirkor ayolning so‘zlariga ko‘ra, u ishlab chiqarishni 5 nafar usta bilan boshlagan, bugun esa uning ishchilari soni 200 nafarga yetgan. Kompaniya kengayish doirasida yana 200 kishini ishga olishni rejalashtirmoqda.
Tilaxunning aytishicha, soleRebels poyabzal brendi butun dunyoda, shu jumladan Afrikada ham tez tanilib bormoqda. "Biz internet orqali poyabzalimizni 50 mamlakatga sotamiz. Kompaniya Yaponiya, Singapur, Tayvan, AQSh, Gretsiya, Ispaniya, Avstraliya, Shveytsariya va boshqa mamlakatlarida o‘z do‘konlariga ega", - dedi Tilaxun.
Tadbirkorning ma'lum qilishicha, mamlakat ichidagi talabning o‘sishi munosabati bilan kompaniya yaqin orada yangi fabrikani ochish va unda yangi poyabzal modelini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.