Suriyada oxirgi 4 yil ichidagi eng jiddiy to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. So‘nggi kunlarda quroli guruhlar prezident Bashar Asad armiyasi va rossiyalik harbiylarga hujum qilib, bir nechta aholi punktlarini egallab oldi. Siyosiy fanlar doktori, professor Farhod Karimovning fikricha, joriy eskalatsiya G‘arbning Rossiyani Ukraina bo‘yicha bo‘lajak muzokaralardagi richaglaridan biri bo‘lishi mumkin.
— Suriyada asosiy o‘yinchilar tomonidan 2020 yilda tuzilgan sulh buzildimi?
— 2020 yilda Suriyaning shimoliy-g‘arbiy hududlarida keskin urushlarni to‘xtatish masalasi bo‘yicha kelishuv bo‘lgan edi. Kim qaysi hudud yoki pozitsiyani egallagan bo‘lsa, o‘sha joyda to‘xtash va muammolar diplomatik yo‘l bilan bartaraf qilinmaguncha hududlarni o‘zida saqlab qolish ko‘zda tutilgan edi. Har bir tomon ma’lum bir majburiyatlar va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.
“Hizbulloh” va Isroil o‘rtasida sulhga erishilgan bir vaqtda, Yaqin Sharqda endi bu mojaroning qo‘zg‘algani tashvishlanarli. Hozirda yuz berayotgan qurolli to‘qnashuvlar, Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kuchlarning Aleppoga qarab yurishi va boshqalar 2020 yildagi kelishuvning buzilganini anglatadi.
— Suriyadagi mavjud kuchlar qaysi nuqtalarda joylashgan?
— Suriya fuqarolik urushi davomida bir nechta qismlarga bo‘linib ketgan. Bashar Asad hukumati Eron va Rossiyaning yordami bilan markaziy va qisman shimoli-sharqiy hududlarni qaytarib olib, mamlakatning katta qismini nazorat qilyapti. Mamlakatning janubi-sharqiy qismida arab sunniylaridan iborat, mintaqadagi arab davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruh o‘z hokimiyatini o‘rnatgan. Shimolda esa G‘arb, xususan AQSh va Buyuk Britaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, markazi al-Raqqa shahri bo‘lgan kurdlar hokimiyati shakllantirilgan. Shuningdek, shimoldagi ayrim hududlarni terrorizmga qarshi kurashish, bufer zona yaratish maqsadi bilan Turkiya nazorat qiladi. Bu hududlarda joylashgan, Bashar Asad hukumatiga muxolif siyosiy kuchlarni Turkiya bilan birga Qatar ham qo‘llaydi.
“Al-Qoida”ga aloqador “Hayyat Tahrir al-Shom” kabi guruhlar esa Idlib shahri atroflarini nazorat qilib keladi. Bu yerga hali ham na Asad hukumati, na Turkiya, na boshqa davlatlar kira olgani yo‘q. Shu tariqa, Suriya hududida juda chalkash vaziyat vujudga kelib qolgan.
— Asosiy to‘qnashuvlar qaysi shaharlarda bo‘lyapti?
— Hozirda asosiy to‘qnashuv markazlari – Suriya shimoli-g‘arbidagi Aleppo va Idlib hududlari. Aleppoda bugun Rossiya va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Bashar Asad rasmiy hukumati va qurolli kuchlari bilan, shimolda Bashar Asad hukumatiga qarshi oppozitsiya kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lmoqda. Ikkinchi bir markaz esa bu – Idlib. Idlib masalasi fuqarolar urushi boshlangandan beri hal qilinmagan yo‘nalish hisoblanadi. Hujum yo‘nalishlari asosan Aleppoga qaratilgan, shaharga g‘arbdan, janubdan va shimoldan harakatlar kuchaygan.
So‘nggi 2 kun davomida kuzatyapmizki, Aleppoda hatto havo hujumlari va harbiy operatsiyalar amalga oshirilmoqda. Bu shahar o‘ziga xos chorraha vazifasini o‘taydi, ya’ni u to‘g‘ridan to‘g‘ri Turkiyaga o‘tadigan yo‘llar kesishmasida joylashgan. Bu yo‘lning muhimligi shundaki, u Rossiya dengiz kuchlari joylashgan Tartus portiga olib boradi. Bundan tashqari, ikkinchi yo‘l ham bor, bu yo‘l Livan portlariga, ya’ni Bayrutga olib boradi. O‘tgan yili Qizil dengizda muammolar yuzaga kelgan paytda, arab davlatlari aynan shu yo‘l orqali G‘arbga chiqish masalasi ko‘rilgandi. Bu masala hozir ham aktual, shuning uchun bu hududlarni nazoratga olishga qiziqish ortgan. Bashar Asad bu hududda nazoratni ushlab qolmoqchi, qarshi kuchlar esa u yerni egallashga harakat qilmoqda, ular bu orqali Damashqqa ta’sir o‘tkazish imkoniyatini saqlab qolmoqchi deb o‘ylayman.
— Suriyadagi mojaroning aynan hozir qo‘zg‘alishi nima bilan bog‘liq?
— Bir qancha versiyalar bor. Birinchisi, Anqara va Damashq o‘rtasidagi turli muammolar. Turkiyada fuqarolar urushi natijasida ko‘chib borgan 3 milliondan ortiq suriyalik qochqinlar bor, ular Turkiyaning sharqiy qismlarida joylashgan va bu katta ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaryapti. Turkiya Suriyaning shimoliy hududlarida mo‘’tadillikni ta’minlab, qochqinlarni u yerga qaytarmoqchi edi. Biroq bu borada Suriya va Turkiya hukumatlari bir fikrga kela olmadi. Asad qochqinlarni qabul qilmoqchi emas, chunki unda boshqa muammolar bor va buning natijasida yangi tashvishlar kelib chiqishini biladi. Bu Turkiya va Suriya o‘rtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirdi, vaholanki, Turkiya va Suriya yaqinlashish yo‘lida ketayotgan edi. Yana bir masala – Kurdiston ishchi partiyasi va kurd separatistik harakatlari bilan hamkorlikni amalga oshiradigan bir qancha siyosiy guruhlar faollashib qolgan. Bu Turkiyani tashvishga soladi.
Tashqi sabablar orasida boshqa versiyalar ham bor. Masalan, bugungi kunda Rossiya–Ukraina mojarosi o‘ziga xos yangi bosqichga chiqdi va muzokaralar haqida ko‘p gapirilyapti. Ayrim tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bo‘lajak muzokaralarda Rossiyaga dunyo geosiyosatidagi turli nuqtalar orqali ta’sir qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Ya’ni muzokaralar vaqtida Rossiya bilan uning Suriyadagi geosiyosiy manfaatlari vositasida “savdo” bo‘lishi mumkin. Rossiyaning Yaqin Sharqdagi bevosita mavjudligini faqatgina Suriya ta’minlab bermoqda.
Bu manfaat juda ham muhim, chunki agar Fors ko‘rfazi orqali Yevropaga yo‘l ochiladigan bo‘lsa, Rossiya energiya resurslarining ahamiyati pasayishi mumkin. Ko‘rfazda juda katta miqdorda neft va gaz zaxiralari topilgan. Agar Fors ko‘rfazidagi energiya resurslari yangi koridor orqali Turkiyaga yetib borsa yoki koridorning Suriyadan o‘tadigan qismi nazoratga olinsa, dunyo siyosiy-iqtisodiy manzarasi o‘zgaradi, energiya resurslar bozoridagi narxlar o‘zgaradi. Bu esa Rossiyaning tashqi siyosatiga katta ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun Suriya Rossiya uchun nihoyatda muhim.
— “Hayyat Tahrir al-Shom” guruhi nima uchun hujum boshladi va uning maqsadlari nimalardan iborat?
— Bunday radikal, ekstremistik, terroristik tashkilotlar tashqaridan buyurtma asosida ishlashi hech kimga sir emas. Suriyaning g‘arbiy hududlari, Idlib orqali ular nafaqat Bashar Asad hukumatiga, balki kerak bo‘lsa Turkiyaga, Rossiyaga va boshqa sub’yektlarga ta’sir qilish imkoniyatini saqlab turish uchun moliyalashtiriladi.
— “Al-Mayadin” xabariga ko‘ra, to‘qnashuvlar joyidan Ukraina dronlari qoldiqlari topilgan. Buni qanday izohlash mumkin?
— Bu xabarni tarqatayotgan barcha medialar mana shu “Al-Mayadin”ni manba sifatida ko‘rsatmoqda. Bunda uch xil versiya mavjud. Birinchisi, bugungi kunda qurol bozori izdan chiqib ketgan. Kimning quroli qayerga yetib borayotgani nazoratda emas. Shu sababli, Ukraina ishlab chiqargan qurollar ham noqonuniy yo‘llar orqali Suriyaga kelib qolishi ehtimoli yuqori. Ikkinchi versiya – Rossiyaning qaysidir geosiyosiy manfaatlariga ta’sir qilish orqali muzokaralarda yengillikka erishish degan masala bor. Biroz oldin Ukrainaning maxsus xizmatlari Afrikada ham faol bo‘lgani, Afrikada bir qancha Vagner harakatlari yo‘q qilinganini ko‘rgandik, Ukraina buni tashkil qilishda razvedka xizmatlari yordam berganini ma’lum qilgandi. Biroq bu tasdiqlanmagan versiya, albatta, aynan shunday deb ishonch bilan ayta olmaymiz.
Uchinchi versiya, o‘sha qurollar oldinroq, 2022 yil fevraldan oldin ishlab chiqarilgan. Urushdan oldin Ukraina ko‘plab davlatlarga dronlar va harbiy texnika yetkazib bergani haqida ma’lumotlar bor edi. O‘sha texnikalardan hozir foydalanilgan degan versiya ham bor.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.