Amazon uchuvchisiz qurilmasi jo‘natmani uyga yetkazib bersa, hamma xursand bo‘ladi. Biroq u tovarni manzilga yetkaza olmay, navbatdagi internet-xarid bilan birga odam ko‘p joyga qulasa-chi, nima bo‘ladi? Unda ishlar chatoq. Jo‘natmadagi tovarni birov o‘zlashtirib olishi mumkinligi yetmagandek, dronning o‘zi ham biror joyga yoki biror insonning ustiga qulab, zarar yetkazishi mumkin. Dronlarning ehtimoliy halokatidan keladigan zararni imkon qadar kamaytirish uchun Amazon o‘z uchar qurilmalarini o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lish tizimi bilan ta'minlashga qaror qildi. Patent shu hafta boshida berilgan.
Kurer-dronlar nafaqat Amazon, balki boshqa kompaniyalarga ishlay boshlagan paytda ularning orasida avariya holatlari ko‘payishi mumkin. Tsexda dron mutaxassis tomonidan tezda sifatli ta'mirlay olinsa, yetkazib berish chog‘ida bunday qilish qiyin. Shuning uchun keyinchalik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sud ovoragarchiliklaridan ko‘ra, dronni jo‘natma bilan birga yo‘q qilgan yaxshi.
Bu quyidagi tartibda ishlaydi: maxsus dasturiy ta'minot qurilma tuzilmasi va uning alohida qismlarining ishlashini kuzatadi. Nosozlik aniqlangan taqdirda, dastur dronning bort kompyuteriga signal beradi va u jarohat darajasidan kelib chiqib, qaror qabul qiladi: singan elementni to‘g‘irlash yoki turli modullarni ketma-ket ajratish orqali havoda to‘liq yo‘q bo‘lish borasida. Shu tariqa, odamlar, jonivorlar yoki ko‘chmas mulkka ziyon yetishining oldi olinadi.