O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i hamda AKT sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘limi boshlig‘i lavozimiga yuqori malakali mutaxassislarni ishga taklif etmoqda. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yuqori malakali mutaxassislarga raqobatbardosh ish haqi, ijtimoiy paket va o‘zini namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi.
Malaka talablari
Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i:
— oliy ma'lumot, AKT yo‘nalishi bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan (shundan 3 yili rahbarlik lavozimidagi) ish staji;
— AKT sohasini yaxshi bilish va tushunish, ma'muriy va korporativ boshqaruv sohasida tajribaga, ijodiy fikrlash va masalani hal etishga innovatsion yondashish qobiliyatiga ega bo‘lish;
— Telekommunikatsiyalar va axborot texnologiyalari sohasidagi chet el kompaniyalari va xalqaro tashkilotlarda orttirilgan tajriba, shuningdek, xorijiy tillarni bilish ma'qullanadi.
AKT sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘limi boshlig‘i:
— oliy ma'lumot, ta'lim/boshqaruv/iqtisodiyot/moliya sohalarida 5 yildan kam bo‘lmagan (shundan 3 yili rahbarlik lavozimidagi) ish staji;
— Xorijiy oliy ta'lim muassasalarida orttirilgan tajriba, shuningdek, xorijiy tillarni bilish ma'qullanadi.
Bo‘sh ish o‘rinlariga talabgorlar o‘zlari haqidagi ma'lumot (obektivka)ni va amalga oshirgan loyihalari haqidagi qo‘shimcha ma'lumotlarni 2017 yilning 20 dekabrigacha quyidagi manzilga yuborishlari kerak: Toshkent shahri, Amir Temur shohko‘chasi, 4-uy yoki HR@mitc.uz elektron pochtasiga.