Jahon banki: 2018 yilda neft barrelining o‘rtacha narxi 56 dollargacha oshishi kutilmoqda

Iqtisodiyot 18:45 / 29.11.2017 7124

Jahon banki (JB) neftga bo‘lgan yuqori talab va uning OPEC+ (The Organization of the Petroleum Exporting Countries - Neftni eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti) mamlakatlarida qazib olinishining qisqarishi fonida 2018 yilda neft barreli o‘rtacha narxining 53 dollardan 56 dollargacha oshishini prognoz qilmoqda. Bu haqida JBning Rossiya iqtisodiyotiga doir ma'ruzasida ma'lum qilindi. 

"2017 yilda neftning o‘rtacha narxi 53 dollarni tashkil qilishi va 2018 yilda neftga bo‘lgan yuqori talab va uning OPEC mamlakatlari hamda kartelga kirmaydigan davlatlarda qazib olinishining qisqarishi fonida bir barrel uchun 56 dollargacha oshishi kutilmoqda", - deyiladi ma'ruzada. 

Bank mutaxassislarining ta'kidlashicha, neft narxiga nisbatan bunday prognozlar muayyan xavflarni o‘z ichiga oladi. Xususan, xavf omillaridan biri siyosiy taranglikni boshidan o‘tkazayotgan neft qazib olinuvchi mamlakatlar, jumladan Iroq, Liviya, Nigeriya va Venesueladan jahon bozoriga neft yetkazib berishdagi ehtimoliy uzilishlardir. 

"OPEC mamlakatlari va kartelga kirmaydigan davlatlar o‘rtasidagi neft qazish hajmini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomalarning imzolanishi bozorlardagi sezilarli tanqislikka olib kelishi mumkin. OPEC'ning navbatdagi yig‘ilishi 30 noyabrda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Boshqa tomondan, mamlakatlarning shartnomani uzaytirishga kelisha olmasligi neft narxlariga pasaytiruvchi bosim o‘tkazishi mumkin. Slanets neftini qazib oluvchi Amerika kompaniyalari faoliyatining  samaradorligini oshirish jahon bozorida neftga bo‘lgan talabning oshishiga olib kelishi mumkin", - deyiladi Jahon banki ma'ruzasida.

Ko‘proq yangiliklar: