3D-printer hanuz omma orasida keng tarqalmaganiga qator sabablar mavjud. Ularning orasida bosmadan chiqarish tezligi asosiy hisoblanmasa-da, shubhasiz muhim rol o‘ynaydi. Aftidan, Massachusets texnologiya instituti (MTI) muhandislari bu jarayonni sezilarli darajada tezlashtirishning uddasidan chiqishgan ko‘rinadi.
Yangi printerni ishlab chiqarishga hali bir necha yil kerak bo‘lsa-da, hozirning o‘zidayoq MTI muhandislari uning zamonaviy muqobillarga nisbatan 10 karra tez bosmadan chiqarishini namoyish qila olishdi. Ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ularning qurilmasi odatda bosmadan chiqishiga bir soatcha vaqt ketuvchi obektlarni ikki daqiqada bosmadan chiqaradi. Videoda printerning real vaqtda ishlashi ko‘rsatilgan.
Tizim FDM (aksariyat 3D-printerlarda qo‘llanuvchi texnologiya) asosida qurilgan: u modellarni eritilgan plastik qatlamlardan yaratadi. Uning faoliyatini tezlatish uchun muhandislar bosmadan chiqaruvchi asosga bir necha asosiy o‘zgarishlarni kiritdi.
Shu bilan birga, muhandislar bosmadan chiqaruvchi asos yoniga plastikni ancha tezroq erituvchi lazerni joylashdi. Yangi komponentlar yanada tezkor shassiga joylandi.
Endi tezkor printer yaratuvchilari o‘z ishlanmalarining bozordagi taqdiri borasida qaror qabul qilishlari kerak: "Bizning ishlanmamiz bozorgacha yetib borsa, juda yaxshi bo‘lar edi, - deydi professor Jon Xart. - Buning qanday ro‘y berishini hozircha bilmaymiz. Biz printerlarni ishlab chiqaruvchi va sotuvchi kompaniyani ishga tushirishimiz yoki allaqachon mavjud kompaniyada ishlanmani litsenziyalashimiz mumkin".