Markaziy bank Boshqaruvi qarori (2017 yil 23 noyabr) bilan Tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutadagi hisobvaraqlarni yuritish tartibiga tuzatishlar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Endilikda valyuta hisobvaraqlarida bo‘lgan mablag‘lar hisobvaraq egasining topshirig‘iga ko‘ra, shu jumladan dividend tariqasida ham to‘lanishi mumkin.
Ma'lumot uchun: Tijorat banklaridagi tegishli hisobvaraqlardagi xorijiy valyutadan quyidagi tarzda foydalanish mumkin:
• joriy xalqaro operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq to‘lovlar bo‘yicha o‘tkazilishi;
• xorijiy valyutadagi operatsiyalar bo‘yicha bankning vositachilik haqini, xodimlarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga xizmat safariga jo‘natilishi bilan bog‘liq xarajatlarni (shu jumladan, naqd pul shaklida) to‘lash uchun;
• kreditlar, qarz mablag‘lari, foizlar va boshqa daromadlar to‘lovi uchun;
• qonunchilikda belgilangan tartibda yuridik shaxslarning ustav fondi (ustav kapitali)ni shakllantirishga doir xarajatlar to‘lovini o‘tkazish uchun;
• O‘zbekiston Respublikasi hududida tijorat banklari orqali sotish uchun;
• qonunchilikda belgilangan hollarda nosavdo tusidagi to‘lovlar bo‘yicha o‘tkazilishi;
• hisobvaraq egasining O‘zbekiston Respublikasining boshqa banklarida ochilgan hisobvaraqlariga o‘tkazish uchun;
• qonunchilikda belgilangan boshqa maqsadlar uchun.
Bundan tashqari, yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan jismoniy shaxslar hisobvaraqlaridagi valyutani tovarlar (ishlar, xizmatlar) importi uchun to‘lovga yo‘naltirishga ruxsat berildi.
Hujjat 24.11.2017 yildan kuchga kirdi.