Yevropaning 3 texnologik kompaniyasi gibrid samolyot ishlab chiqaradi

Fan-texnika 17:12 / 29.11.2017 8101

Yevropaning eng yetakchi 3 aviasozlik va texnologik firmasi birgalikda gibrid, elektrli samolyot ishlab chiqish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshladi. Airbus, Rolls-Royce va Siemens shu masala bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

Uchala kompaniya vakillari 2020 yilda gibrid elektrli samolyotni taqdim etishlarini bildirdi, deb xabar qilmoqda Haberturk telekanali. 

Ma'lum bo‘lishicha, uchala kompaniya E-Fan X nomli gibrid samolyotning sinov parvozini 2020 yilda o‘tkazadi. 

Uchala shirkat samolyotlardagi yoqilg‘i turbinalaridan birini elektr motorga almashtirish imkonini beruvchi texnologiya ishlab chiqish uchun sa'y-harakatlarini birlashtirish maqsadida hamkorlik qiladi. 

Tizim ishlagan taqdirda yana bir shunday elektr motor ham samolyotga o‘rnatiladi. Loyihaga ko‘ra, elektr motorni harakatga keltiruvchi generator Rolls Royce firmasi tomonidan ishlab chiqiladi. 

Qo‘shma korxona 2030 yilda gibrid yo‘lovchi samolyoti parvozini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. 

Londra - Paris kabi qisqa yo‘nalishlarda parvoz qilishi belgilanayotgan E-Fan X 100 – 150 yo‘lovchini manzilga yetkaza olishi aytilmoqda. Agar gibrid samolyot ishonchni oqlasa, uning uzoqroq masofalarga ham parvozi yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: