Yevropadagi qaysi davlatlar aholisi naqd pulsiz hisob-kitob qilishga o‘tmoqda? 

Iqtisodiyot 12:00 / 29.11.2017 13793

Estoniya har kunlik savdoda qog‘oz pullar va tangalardan eng tez voz kechayotgan yevro hududi davlatlari ichiga kirdi: Boltiqbo‘yidagi ushbu mamlakat aholisi har kunlik to‘lovlarning yarmidan ko‘pini bank kartochkalari yoki boshqa naqdsiz hisob-kitob yo‘li bilan amalga oshiradi, deb xabar bermoqda Bi-bi-si.

Yevropa markaziy banki tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotning ko‘rsatishicha, yevro hududida naqd puldan to‘lovning zamonaviy shakllariga o‘tish jarayonida Benilyuks davlatlari, Estoniya va Finlyandiya yetakchi sanaladi.

Niderlandiyada 2016 yilda naqdsiz to‘lov yordamida amalga oshirilgan xaridlar ulushi 55 foizni, Estoniyada – 52 foizni tashkil etdi; uchinchi o‘rinda esa Finlyandiya qayd etilgan. 

Shuningdek, agarda xarid qiymati hisobga olinsa, Niderlandiyada naqdsiz hisob-kitobga tovarlar va xizmatlar chakana aylanmasining 73 foizi to‘g‘ri keladi, Estoniya, Belgiya, Lyuksemburg hamda Finlandiyada – qariyb 70 foiz.

Yevrohududning janubiy davlatlari – Portugaliyadan tortib Kiprgacha, shuningdek Germaniya hozircha eski usulda to‘lovni amalga oshirishni ma'qul ko‘rmoqda: bu yerda xaridlarning 80-90 foizi naqd pul bilan qilinadi.

So‘nggi yillarda butun dunyo bo‘ylab naqd pul ulushi qisqarmoqda, bu yerda yevro hududi davlatlari esa yetakchi emasligini ta'kidlab o‘tish lozim.

Yevroittifoqqa kiruvchi Shvetsiya o‘z pul birligi – kronani saqlab qolgan bo‘lib, ushbu valyutaning barcha jismoniy shakllaridan deyarli voz kechib bo‘ldi. Ushbu davlatda har kungi hisob-kitoblarda qog‘oz pullar va tangalar ulushi o‘tgan yili nolga yaqinlashib, turli taxminlarga ko‘ra, 1 yoki 2 foizga teng bo‘ldi.

Britaniya – (hozircha) Yevroittifoqning o‘z valyutasiga ega davlati – Shvetsiyadan juda orqada qolmoqda, biroq jahondagi eng “naqdsiz” mamlakatlar o‘nligiga kiradi: bu yerda naqd funtlar evaziga xarid ulushi 40 foizdan kam hamda tezlik bilan qisqarib bormoqda.

Rossiyada naqdsiz hisob-kitoblar ulushi tez o‘smoqda va rossiyaliklar bu ko‘rsatkich bo‘yicha italiyaliklar, greklar, kiprliklarni ortda qoldirishdi.

Qayd etish joizki, O‘zbekistonda ham to‘lovlar asosan plastik kartalar yordamida amalga oshiriladi. Biroq, hukumat naqd puldan foydalanishda muammolar bo‘lmasligi uchun poytaxtning ba'zi bozorlari yaqinida bankomatlar ham o‘rnatdi.

Ko‘proq yangiliklar: