Tez orada arxeologlar belkurak yoki ketmon yordamida yer ostida yashirin qadimgi sivilizatsiya qoldiqlarini qidirib o‘tirishlariga hojat qolmaydi. Bunda ularga maxsus rentgen-ko‘zlar bilan ta'minlanuvchi, yer ostini ko‘ra biluvchi dronlar yordam beradi.
Dartmut kollejida arxeologiyani o‘rganuvchi talabalar yaqinda qiziq bir kashfiyot qilishdi. Ular Nyu-Hempshirdagi bo‘m-bo‘sh dalada XVIII asrda o‘sha yerda joylashgan Sheyker qishlog‘i qoldiqlarini topishdi. Ular buni tepaliklarni belkurakda qazish kabi eski usullardan foydalanmay, amalga oshirishdi. Yosh arxeologlar qo‘rg‘onlar uzra maxsus shu tajriba uchun ishlab chiqilgan uchuvchisiz qurilmani ishga tushirishdi. Qurilma navigatsion texnika va maxsus termal kameralar bilan jihozlandi. Qurilma turli inshootlar va hatto bir necha metr chuqurlikdagi binolar qoldiqlarini ham aniqlashga qodir bo‘lib chiqdi.
Qurilma tadqiqotchilarga eski binolarning ko‘p devorlari va poydevorlarining joylashuvini ko‘rsata oldi. U qachonlardir Sheyker qishlog‘ida mavjud bo‘lgan yerto‘la va quduqlar tizimini namoyish qildi. Bu bir necha soat ichida amalga oshirildi. Odatda bunday izlanishlarga olimlar ko‘p oy vaqt ketkazishadi.
Ma'lumki, aerofotos'yomka bir necha o‘n yillar davomida geolog va arxeologlar tomonidan qo‘llaniladi. Maxsus sun'iy yo‘ldoshlar ajoyib suratlarni muhrlaydi. Shuningdek, lizar yoki lazer datchiklar ham bor. Yuqorida qayd etilgan texnologiya va qurilmalar shubhasiz olimlarga yangi kashfiyotlar qilishga yordam beradi. Biroq aerofotos'yomka jihozlari bilan ta'minlangan vertolyot yoki samolyotni o‘z tasarrufiga olish arxeologlarga oson emas. Bunday texnika qimmat turadi, u bilan ishlash ham ancha qiyin. Dronlar paydr bo‘lganidan keyin esa olimlarga ancha yengillik tug‘ildi. Ular o‘z artefaktlarini mustaqil qidirishlari mumkin. Ta'kidlash joizki, olimlar so‘nggi uch yil davomida aynan dronlar yordamida Yaqin Sharq, shuningdek Janubiy Amerika va Osiyoda ko‘p qiziq kashfiyotlar qilishdi.
Shunday bo‘lsa-da, Dartmut kolleji o‘quvchilari qurilmani termal kamera bilan jihozlab, yanada ilgarilab ketishdi. U tuproq, g‘isht va toshlar orasi haroratidagi farqlardan foydalanib, yer ostidagi qurilmalar qoldiqlarini osongina topa oladi.