Elektrokarlar ishlab chiqaruvchi dunyodagi 10 ta yirik korxonadan 6 tasi Xitoyda joylashgan bo‘lib, qolgan 4 tasi Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi. Xitoyda elektrokarlar ishlab chiqarish sohasini dunyodagi eng tezkor va ommaviy bo‘lishga majbur qiluvchi bir nechta omil mavjud.
Xitoyning eng katta muammolaridan biri ekologiya hisoblanadi. Xitoy uchun havoning ifloslanishi milliy miqyosdagi muammoga aylangan. Global isish esa umuman mamlakatning dengizbo‘yi shaharlarini suv ostida qoldirish bilan xavf solmoqda. Shu sababli elektrokarlar ekologiya uchun kurashishning yo‘llaridan biri hisoblanadi.
Bu kurash xitoyliklarning ushbu muammoni anglaganligi bilan emas, balki elektromobillar xarid qilishni rag‘batlantiruvchi turli davlat dasturlari bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu dasturlar bo‘yicha elektrotransport ishlab chiqaruvchilar ham, uni xarid qiluvchilar ham imtiyozlar oladilar. Xitoyning ko‘plab kompaniyalariga bu imtiyozlar bugungi kunda oborot olishga yordam bergan.
2017 yil 3-choragida Xitoy hissasiga dunyoda ishlab chiqarilgan barcha elektrokarlarning yarmi to‘g‘ri keldi. Bu yerda nafaqat mahalliy modellar sotiladi. Ko‘pchilik xitoyliklar “qurbing yetsa, eng qimmatini sotib ol” tamoyili asosida yashamoqdalar. Shu sababli Xitoy Tesla avtomobillarining bosh bozoriga aylangan. 2016 yilda bu yerda kompaniyaning 11 mingta mashinasi sotilgan, bu esa Ilon Mask kompaniyasiga 1 mlrd. dan ko‘proq daromad keltirgan. Bundan tashqari, Tesla Shanxayda zavod qurishni rejalashtirmoqda.
Elektrokarlar bozorining Xitoy hissasiga to‘g‘ri keluvchi qismi Xitoyning arzonbop mashinalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalariga to‘g‘ri keladi. Yuqorida aytilgandek, Xitoyda elektrokarlar ishlab chiqaruvchi 6 ta yirik kompaniya: BYD, FAW Group, SAIC, Geely, BAIC, Dongfeng bor.
Bu kompaniyalarning barchasi Xitoyda anchadan beri faoliyat yuritadi. Xitoydagi iqtisodiy muvaffaqiyat bu kompaniyalarga dunyo bozoriga chiqishga imkon bermoqda. Bunga yorqin misollardan biri sifatida Geely tomondan Volvo’ning sotib olinishini keltirish mumkin. Shved kompaniyasi 2019 yildan to‘liq elektrokarlar ishlab chiqarishga o‘tmoqda. Yuqoridagi ro‘yxatdan o‘rin olgan boshqa kompaniyalar ham xorijda hamkorlarga egalar. BAIC Kaliforniyada elektrokarlar ishlab chiqish markazi R&D’ni ochgan. Yaqin orada bu kompaniyalar o‘z elektrokarlari bilan katta bozorga chiqishni rejalashtirishmoqda.