Tesla Avstraliyada dunyodagi eng katta akkumulyatorni qurdi

Fan-texnika 19:32 / 23.11.2017 5751

AQShning Tesla korporatsiyasi Avstraliyada Powerpack deb nomlangan ulkan litiy-ionli akkumulyatorni qurishni va o‘rnatishni yakunladi. Bu akkumulyatorning quvvati 100 MVt ga yaqinni tashkil qiladi. Bu haqda Avstraliyaning ABC telekompaniyasi ma'lum qildi. 

Akkumulyator Jyeymstaun shahri (Janubiy Avstraliya shtati)  yaqinida o‘rnatilgan va Neoen kompaniyasining shamol elektr stansiyalari yordamida quvvatlanadi. Telekompaniyaning ta'kidlashicha, yaqin kunlar ichida tizimni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

“Rekord muddatlarda tizimni yaratish va o‘rnatish ustida ishlagan Tesla xodimlari va Janubiy Avstraliya hukumatini tabriklayman”, deb yozgan tvitterda Tesla rahbari Ilon Mask.

Iyulda Janubiy Avstraliya hukumati tender yakunlariga ko‘ra akkumulyatorni qurishni Tesla‘ga ishonib topshirgani ma'lum bo‘lgandi. Mask o‘shanda Avstraliyada energiya jamlovchi tizim qurilishini va u dunyodagi eng kuchlisi bo‘lishini aytgandi. Uni yaratish bo‘yicha ishlarni dekabrgacha yakunlash rejalashtirilgandi.  

Powerpack tizimi zarurat tug‘ilganda 30 ming uyda yashovchi aholini elektr energiya bilan ta'minlashga mo‘ljallangan. 

Ta'kidlanishicha, 2016 yil sentabrda Janubiy Avstraliyada bo‘ron tufayli 1,7 mln. kishi  elektr ta'minotisiz qolgan. Joriy yil boshida ham elektr energiyaning katta ko‘lamli uzilishi bilan bog‘liq bir qator hodisalar yuz bergan. Shtat hukumati shu voqelardan keyin energiya to‘plovchi tizimni yaratishga qaror qilgan. Powerpack elektr ta'minotidagi uzilishlarning oldini olishga imkon berishiga umid qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: