O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi mobaynida o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikning kengaytirilishiga qaratilgan bir nechta muhim kelishuvlarga erishildi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi tomonidan erkin savdo zonasi yaratish imkoniyati muhokama qilindi va ikki davlat bozorlariga imtiyozli kirishni ta'minlashning zarurligi bo‘yicha prinsipial kelishuvlar amalga oshirildi.
Bu borada vazirliklar rahbarlari tomonidan shu yil oxirigacha O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi imtiyozli savdo-sotiq to‘g‘risida ikki tomonlama Kelishuv tayyorlanishi bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhining birinchi uchrashuvini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Tashrif doirasida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qabul qilinishida, xususan, mazkur tashkilotga a'zo bo‘lishning natijasini baholash, milliy qonunchilikning JST kelishuvlari talablariga mosligi ekspertizasi hamda texnik, konsultativ va manfaatdor vazirlik va tashkilotlarga mutaxassislar ko‘magini berish yo‘llari orqali Koreya Respublikasining qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha memorandum va Yo‘l xaritasi imzolandi.
O‘zbekistonda tashqi savdodagi hamkorlikning ilg‘or shakllarini joriy etish, tashqi savdo operatsiyalarini o‘tkazish va eksportni rag‘batlantirish bilan bog‘liq tartib-qoidalarning yengillashtirilishi maqsadida tomonlar ilg‘or koreys tajribasi asosida O‘zbekiston Respublikasi elektron savdo Milliy platformasini yaratish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar va mazkur shartnoma ijrosining amalda tatbiq qilinishi bo‘yicha muvofiq Yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
«O‘ztreyd» AJ KITA Koreys xalqaro savdo assotsiatsiyasi va KTNET bilan O‘zbekiston Respublikasida elektron savdoni rivojlantirish yuzasidan hamkorlikdagi faoliyatni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilib, memorandum imzolandi.
Koreys bozoriga yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar eksporti hajmini oshirish maqsadida Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECH) va Koreya nodir metallar instituti bilan O‘zbekiston Respublikasida Nodir metallar va qotishmalar ilmiy-tadqiqot Markaziga asos solish bo‘yicha shartnoma tuzildi.
Mazkur shartnoma sanoat ishlab chiqarish, eksport salohiyatini kengaytirishda yuqori texnologiyalar va ilg‘or koreys tajribasini joriy etishga yo‘naltirilgan ikki tomonlama muzokaralarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Koreya savdo, sanoat va energetika vazirligi bilan hamkorlikda Toshkentda To‘qimachilik o‘quv-tadqiqot texnoparki foydalanishga topshirilgan, shu yilning iyul oyida esa Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbek-Koreys markaziga asos solish bo‘yicha qaror qabul qilingandi.
Ikki taraflama tovar almashinuvi hajmini oshirish va bozorlarimizdagi talabgir mahsulotlarning tizimli yetkazilishini tashkillashtirish maqsadida korxonalarimiz tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar namoyishi uchun doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi «shou-rumlar»ga ega savdo uylarini ochish borasida ham kelishuvlarga erishildi. Mazkur tashabbusning amaldagi isboti sifatida, «O‘ztreyd» AJ tomonidan koreys hamkorlar bilan birgalikda Koreyadagi birinchi o‘zbek-koreys savdo uyini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek bir qator hamkorlikdagi eksportga mo‘ljallangan korxonalar tuzilishi bo‘yicha ham shartnomalarga erishildi, jumladan:
- Hwachon Plant-Gemco - «Foton» DIIK (davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi) hududida qimmatbaho zeb-ziynat buyumlari ishlab chiqarilishi bo‘yicha;
- AVID Co. Ltd. - O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki va Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda qimmatbaho zeb-ziynat buyumlari va soatlar ishlab chiqarilishini tashkil etish bo‘yicha;
- Seoul Jewelry Industry Cooperative - «Asaka» banki bilan hamkorlikda qimmatbaho zeb-ziynat buyumlari va soatlar ishlab chiqarilishini tashkil etish bo‘yicha;
- Samsung Steel Co. - «O‘zoziqovqatsanoatxolding» bilan hamkorlikda issiqxonalar ishlab chiqarilishi bo‘yicha;
Issiqxona ishlab chiqaruvchilari Konsortsiumi va K&G Plus kompaniyasi o‘rtasida issiqxonalar ishlab chiqarish va qurish sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif doirasida o‘tkazilgan O‘zbek-Koreys biznes-forumining amaliy natijasi sifatida mamlakatlarimiz korxonalari o‘rtasida sarxil va qayta ishlangan sabzavotchilik, to‘qimachilik va charm mahsulotlari, mis va boshqa tovarlarni o‘z ichiga olgan 230 mln. dollardan ziyodroq qiymatdagi mahsulotlarning yetkazib berilishini ko‘zda tutuvchi o‘nlab eksport shartnomalari imzolanganini keltirib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Koreyaga uran yetkazib berilishi bo‘yicha uzoq muddatli shartnoma tuzildi.
O‘zbek sabzavotchilik va to‘qimachilik mahsulotlarini koreys bozoriga yetkazib berish tizimini shakllantirish masalalari bo‘yicha samarali muzokaralar o‘tkazildi, O‘zbekiston Respublikasi hududida Korea Trade Network Co. Ltd., CJ Freshway, Heakwang, CIELIE Co. va boshqa qator shu kabi katta logistika markazlarini yaratish bo‘yicha aniq rejalar muhokama qilindi.
Korean Air kompaniyasi bilan transport va logistika sohasi, shu jumladan, «Navoiy» aeroporti bazasidagi xalqaro intermodal logistika markazining kelajakdagi rivojlanishi va mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar almashinuvining oshishida uning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar muhokama qilindi.