AQShning Time jurnali 2017 yilning eng yaxshi gadjyetlari reytingini tuzdi. Ro‘yxatga Yaponiyaning Nintendo kompaniyasi ishlab chiqargan Switch o‘yin pristavkasi boshchilik qilmoqda. Qurilma 6,2 dyuymli ekranga ega planshet va simsiz Joy-Con joystiklaridan iborat. Qurilma ham statsionar, ham yurgan holda o‘ynash mumkin bo‘ladigan qilib yaratilgan.
2-o‘rinni iPhone X smartfoni egalladi. Reytingni tuzuvchilar Apple’ning yangi qurilmasi ancha qimmat tursa-da, uning hoshiyasiz displeyi va yuzni tanish tizimi Face ID kelajakda smartfonlar uchun yangi standartni o‘rnatishini aytmoqdalar.
Reytingda 3-o‘ringa Microsoft Surface Laptop noutbugi munosib topildi. Bu qurilmaning tashqi ko‘rinishi hamda quvvatni uzoq vaqt saqlab tura olishi yuqori baholangan.
Shuningdek, o‘ntalikka DJI Spark mini-kvadrokopteri, Samsung Galaxy S8 smartfoni, Super Nintendo Entertainment System (SNES) Classic o‘yin pristavkasi, Amazon Echo audiokarnayi, Xbox One X o‘yin konsoli, Apple Watch 3 aqlli soati va Sony Alpha A7R III fotokamerasi ham kiritilgan.