Volkswagen avtomobilsozlik kompaniyasi kuzatuv kengashi yaqin besh yil davomida yangi texnologiyalarga 40 mlrd dollar sarmoya qilish qarorini qabul qildi. Kompaniya shu tariqa elektromobillar sohasida dunyo yetakchisiga aylanish uchun Tesla’dan o‘tib ketish haqida jiddiy o‘ylamoqda.
“Biz avtomobilni boshqatdan ixtiro qilmoqdamiz”, deb aytgan VW direktori Mattias Myuller. 2018-2022 yillardagi asosiy xarajatlar elektr, gibrid modellar va robomobillarga to‘g‘ri keladi. Taklif qilinayotgan pullar kompaniyaning sentabrdagi rejalaridan ikki marta ko‘proqni tashkil qiladi. O‘shanda kompaniya 2030 yilgacha 20 mlrd dollar sarmoya qilishini ma'lum qilgan. Reuters axborot agentligining ma'lum qilishicha, VW qo‘shimcha mablag‘larni tejamkorlik dasturi hamda qo‘shimcha avtomobillar sotish orqali olmoqchi.
Kompaniya boshqa ishlab chiqaruvchilar kabi sof va toza transport vositalariga e'tiborini kuchaytirmoqda. Dizelda harakatlanuvchi avtomobillarda atrof-muhitga chiqindilar chiqishi tizimini soxtalashtirgan VW uchun bu obro‘ masalasi hamdir.
Tarkibiga 12 ta brend kiruvchi VW guruhi o‘z mashinalar parkini, ya'ni 300 taga yaqin modelini 2030 yilgacha elektrlashtirishni rejalashtirayotganini e'lon qilgandi. 17 noyabrda kompaniyaning kuzatuv kengashi 70 mlrd dollarlik umumiy 5 yillik xarajatlar rejasini imzoladi. Bu 2014 yilda e'lon qilingan, 2015-2019 yillar uchun mo‘ljallangan investitsiyalardan biroz kamroqni tashkil qiladi. O‘shanda kompaniya 86 mlrd dollar sarflashga va'da bergan. Bu asosan “dizelgeyt” mojarosi bilan bog‘liq bo‘lgandi: mojaro kompaniyaga jarima, kompensatsiyalar va mashinalarni chaqirtirib olish ko‘rinishida 25 mlrd dollarga tushgan.