Ikki hafta avval dunyoning aksariyat davlatlarida sotuvga chiqqan iPhone X bilan bog‘liq muammolar yana bittaga ko‘paydi. Bu esa kompaniyaning qurilmani yaratishda mablag‘larni tejashga qaror qilganidan darak beradi.
Gap shundaki, dunyodagi eng qimmat smartfonning korpusi bo‘yog‘i ko‘cha boshlagan. Bu haqda Reddit forumida birinchilardan bo‘lib iPhone X’ni sotib olgan va undan bir haftacha foydalanganlardan biri ma'lum qilgan. U ilova qilgan suratda smartfon metall korpusining pastki qirrasida bo‘yoq ko‘cha boshlaganini ko‘rish mumkin. Bu esa, ko‘rinishicha, Apple korpusni bo‘yashda mablag‘ tejab, buning evaziga smartfonning ishlab chiqarilishini arzonlashtirishga qaror qilganiga ishoradir.
Shunga o‘xshash holat iPhone 5 bilan sodir bo‘lgandi. Biroq u smartfon hozirgi modeldan ancha arzon turgan va bo‘yog‘i yuqorida aytilgandek bir haftada emas, 2-3 oydan keyin ko‘cha boshlagan. Endi iPhone X egalari qurilmani ehtiyotkorlik bilan va ayab tutsalar-da, uning bo‘yog‘i o‘chaveradiganga o‘xshaydi.
Boshqacha aytganda, Apple foydalanuvchilariga pand berib qo‘ydi. Savdolar oldidan kompaniya o‘z mahsuloti sifati birinchi o‘rinda turishini ta'kidlangandi, biroq amalda buning aksi yuz bermoqda.
Ushbu muammo hamma iPhone X’larda emas, bali ma'lum partiyaga tegishli qurilmalarda kuzatilishiga umid qilishgina qoladi. Biroq buning imkoni juda kam, chunki bo‘yash jarayoni avtomatlashtirilgan va bu muammo barcha iPhone X’larda kuzatilishi ehtimoli katta.
Bundan ham avvalroq, oxirgi modeldagi smartfon bilan bog‘liq muammolar chiqqandi. Jumladan, smartfonning sensor ekrani sovuqda ishlamay qolishi, karnayida shovqin eshitilishi, ekranning bir chetida butun ekran bo‘ylab ketuvchi yashil chiziq chiqib qolishi, yuzni tanish tizimi ishonchli ishlamasligidan shikoyat qilingan. Aytish joizki, sanab o‘tilgan muammolardan birinchi ikkitasini hal qilishga muvaffaq bo‘lingan.