Volkswagen Xitoyda elektromobillar ishlab chiqarishga 10 mlrd dollarlik sarmoya kiritmoqchi

Fan-texnika 10:29 / 17.11.2017 4806

Germaniyaning Volkswagen avtokonserni Xitoyda elektromobillar ishlab chiqarishga katta miqdorda sarmoyalar kiritishni rejalashtirmoqda. Kompaniya keyingi 7 yil ichida Xitoyda elektromobil va gibridlar ishlab chiqarishga kiritilgan kvotani bajarish uchun yangi elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishga 10 mlrd yevro sarmoya kiritadi.

Bu haqda 16 noyabrda Volkswagen’ning Xitoydagi bo‘limi rahbari Yoxem Xaytsmann Guanchjoudagi avtomobillar ko‘rgazmasida ma'lum qildi. 

2025 yilgacha konsern bozorga 40 ta yangi moddel chiqarishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Volkswagen Xitoydagi me'yorlarga mos kelish uchun 2020 yilgacha har yil chiqaradigan elektromobillar sonini 400 mingtagacha oshirishi kerak. 

Xaytsmann Volkswagen o‘z hamkorlari bilan elektromobillarga kvotalarni bajarishiga ishonch bildirmoqda. Bu kvotalarga ko‘ra, 2019 yilgacha Xitoyda har bir avtokonsern ishlab chiqargan umumiy mashinalarining 10 foizi elektromobillar yoki gibrid avtomobillarga to‘g‘ri kelishi kerak. 2020 yilda bu kvota 12 foizni tashkil qilishi ko‘zda tutilgan.

Kompaniya to‘liq elektrlashtirilgan avtomobillar uchun gibridlariga nisbatan ko‘proq ball oladi. Ko‘proq masofani bosa oluvchi muqobil avtomobillar uchun qo‘shimcha ballar ko‘zda tutilgan. Agar korxona belgilangan me'yorlarni bajara olmasa, boshqa kompaniyadan ballar xarid qilishi yoki jarima to‘lashi kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida “O‘zavtosanoat” AK va Volkswagen AG konserni o‘rtasida JV MAN Auto-Uzbekistan qo‘shma korxonasida Volkswagen Amarok pikaplarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Loyihani 2018-2019 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
 

Ko‘proq yangiliklar: