Avval xorijiy valyutada kredit olgan tadbirkorga imtiyoz beriladimi?

Iqtisodiyot 15:00 / 15.11.2017 15747

O‘zbekistonda sentabr oyining ilk haftasida erkin valyuta konvertatsiya amaliyoti joriy etilgani e'lon qilingandi. Shu davrgacha bir nechta tijorat banklari tadbirkorlarga xorijiy valyutada kredit taqdim etgan. Xorijiy valyutada kredit olgan tadbirkorlarga valyuta liberallashuvi jarayonida qanday imtiyoz beriladi? Ushbu savolga 15 noyabr kuni tashkil etilgan navbatdagi Press-Klub sessiyasida Markaziy bank raisi o‘rinbosari javob berdi.

«E'tiborli jihati shundaki, ularning 80-85 foizi eksport quvvatini oshirishga qaratilgan tarmoqlarda faoliyat olib boradi», deb fikrini bildirgan Shuhrat Otaboyev.

Foto: Xalqaro press klub

«Yuqoridagi omil hisobga olinsa, bu tadbirkorlar uchun valyuta liberallashuvi jarayoni unchalik salbiy oqibatlarga sabab bo‘lmaydi. Boshqalar haqida so‘z yuritsak, ularning pul oqimlarini tahlil qilib, kreditlarni so‘ndirish muddatlari qayta ko‘rib chiqildi. Bunda bank xodimlari har bitta mijoz bilan yakka tartibda ish olib borgan. Masalan, tadbirkorga 6 oydan boshlab 1 yilgacha yoki undan ham katta muddatda kreditlarini qaytarish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.

Agar tadbirkorlar oldida aylanma mablag‘larini shakllantirish mobaynida muammolar paydo bo‘lsa, u holda so‘m valyutasida, qayta moliyalashtirish stavkasi bo‘yicha kreditlar ajratish tavsiyasi ishlab chiqildi.

O‘tgan ikki oy ichida umumiy qiymati 100 million dollardan oshiq 200ga yaqin shartnoma muddatlari o‘rganilgach, ularning kreditni so‘ndirish muddati cho‘zib berildi.

Bu bilan masala batamom ijobiy hal bo‘ldi, deya olmaymiz. Mijozlardan haligacha turli so‘rovlar kelib turibdi. O‘ylaymanki, kelgusida ham mazkur holatga aloqador shartnoma egalari murojaat qilsa, kelishuv shartlarini qayta ko‘rib chiqishimiz mumkin», deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Shuhrat Otaboyev.

Ko‘proq yangiliklar: