Respublika sanoat korxonalarida tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish hamda ishlab chiqarish quvvatlarini texnik va texnologik jihatdan yangilash jarayonlarining jadallashishi natijasida 2017 yilning yanvar–sentabr oylarida 99 060,5 mlrd. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta'minlanib, o‘sish sur'ati 2016 yilning tegishli davriga nisbatan 105,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida aytiladi.
O‘z navbatida, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash natijasida mehnat unumdorligi o‘tgan yilning yanvar–sentabr oylariga nisbatan 3,9 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish indeksi esa 104,1 foizni tashkil qildi.
Shuningdek, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish tarkibida ko‘proq qayta ishlash sanoatiga to‘g‘ri kelib, uning ulushi 79,0 foizni tashkil etdi (2016 yilning yanvar–sentabr oylariga nisbatan o‘sish sur'ati 105,1 foiz). Tog‘–kon sanoati va ochiq konlarni ishlash ulushi 11,7 foizni (o‘sish sur'ati 108,4 foiz), elektr, gaz, bug‘ bilan ta'minlash va havoni konditsiyalash ulushi 8,6 foizni (o‘sish sur'ati 107,2 foiz), suv bilan ta'minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish ulushi 0,7 foizni (o‘sish sur'ati 109,9 foiz) tashkil qildi.
Xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab–quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan chora–tadbirlarni amalga oshirilishi, kichik biznes tomonidan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2016 yilning yanvar-sentabr oylariga nisbatan 0,4 foizga oshishini ta'minladi. Agarda jami sanoatda kichik biznesning ulushi 41,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, qayta ishlash sanoatida uning ulushi 51,0 foizni tashkil etdi.
Tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturining amalga oshirilishi, respublika sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishining rivojlanishiga o‘z ta'sirini ko‘rsatdi, mazkur dastur doirasida 2017 yilning yanvar–sentabr oylarida 5,8 trln. so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilib, 350,9 mln. AQSh dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilindi va 2169 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishini rag‘batlantirish va turlarini kengaytirish natijasida iste'mol tovarlari ishlab chiqarish 2016 yilning yanvar-sentabr oylariga nisbatan 105,0 foizga va jami sanoat ishlab chiqarish hajmidagi ulushini esa o‘tgan yilning mos davridagi 39,8, foizdan 41,5 foizga o‘sishini ta'minladi.