Yoshlar – kelajak egalari, taraqqiyot davomchilari, yaratuvchilari. Ularni qo‘llab-quvvatlash taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash demakdir. Iqtisodiyotimizda bir soha borki, uni ham xuddi yoshlarga mengzash mumkin. Bu kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidir. Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida ushbu sohaning ahamiyati nihoyatda kattaligini barchamiz yaxshi bilamiz. Ichki bozorimizni raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishda, aholini, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta'minlash va shu asnoda ularning munosib daromad topishi, farovonligining oshib borishiga erishishda ayni shu sohani tez va jadal sur'atlar bilan rivojlantirish eng asosiy omillardan biridir.
Bunda, ayniqsa, qiz bolalarni tadbirkorlikka yo‘naltirish muhim ahamiyatga ega. Negaki, qo‘lida hunari bor qiz ertaga birovga qaram bo‘lib qolmaydi, o‘z mehnati, bilim va iste'dodi bilan oilasini tebratishga, farzandlarini barkamol inson etib tarbiyalashga hissa qo‘shadi. Bu, o‘z navbatida, yosh oilani moddiy va ma'naviy jihatdan mustahkamlashda juda katta muhim ahamiyatga ega.
Ayni shu maqsadlar ko‘zlangan holda mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Yaqinda O‘zbek Milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tgan “Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimida ham buni yaqqol ko‘rish mumkin bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Markaziy bank, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Kasaba uyushmasi Federatsiyasi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida o‘tkazilgan tanlovda hududlardan 82 nafar yosh tadbirkor qiz o‘z biznes loyihasi bilan qatnashdi.
G‘oliblar orasida “Agrobank” tomonidan kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar bilan taqdirlangan 28 nafar qizlar ham bor edi. Ular bilan suhbatlashdik.
– Milliy gilamlar to‘qishga juda qiziqaman, – deydi surxondaryolik yosh tadbirkor Nazokat Sobirova. – Ustozlarimdan o‘rgangan bu hunarimga ijodiy yondashgan holda go‘zal va bejirim gilamlar yaratishga, ularda xalqimizga xos xususiyatlarni aks ettirishga harakat qilaman. Bu intilishlarim mazkur tanlovda qo‘llab-quvvatlangani va faoliyatimni rivojlantirishga “Agrobank”ning Surxondaryo hududiy filiali tomonidan ko‘mak ko‘rsatilayotgani menga yanada ilhom, kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.
Joriy yilda Qonliko‘l kasb-hunar kollejini tamomlagan Orazbeka Mirzayeva mazkur tanlovda non va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion loyihasi bilan ishtirok etdi. Unga “Agrobank”ning Qonliko‘l filialidan 30 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilishi ko‘zda tutilgan sertifikat berildi.
– Yurtimizda navqiron avlod kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bizga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir, – deydi “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha” sovrindori Orazbeka Mirzayeva. – Biz, yoshlar yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shish uchun harakat qilamiz.
– Tadbirkorlik faoliyatini boshlash maqsadida tuzgan loyiham qo‘llab-quvvatlanayotganidan mamnunman, – deydi To‘raqo‘rg‘on Iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Maftuna Mo‘minova. – Echki yungidan turli ko‘rinishdagi ro‘mol, sharf va boshqa to‘quvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganman. Biznes loyihamni ishlab chiqishda mutaxassislar, ayniqsa, ota-onamning maslahatlari qo‘l keldi. Kelgusida tayyorlanayotgan mahsulotlarni eksport qilishni ham maqsad qilganman. Menga “Agrobank”ning To‘raqo‘rg‘on filialidan o‘z biznesimni yanada rivojlantirishda zarur bo‘ladigan mablag‘ ajratilayotganidan juda mamnunman. Kredit hisobiga xorijdan to‘quv dastgohlarini keltirmoqchimiz. Bu esa faoliyatimizni yanada kengaytirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur tanlov qizlarning tadbirkorlik borasidagi iste'dod va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularning istiqbolli loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni ko‘zlagan edi. Bunga erishilmoqda. Bunda “Agrobank”ning hissasi ham katta bo‘ldi, deb aytish mumkin. Birgina ushbu tanlovda ko‘plab qizlarning ishbilarmonlar safidan joy olgani ham fikrimizning dalilidir.
Sirasini aytganda, mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor natijasida bugun jamiyatimizda faol va ishbilarmon ayollar safi kengayib bormoqda. Ularning jamiyat ravnaqiga qo‘shayotgan hissasi ham oshib borayotir. Yoshlar kichik biznes va tadbirkorlikni o‘zining kelajagi deb bilayotgan ekan, yurtga xizmat qilishda ana shu sohani tanlayotgan ekan, ularga madadkor bo‘lish xayrlidir.
Telegram: @AgrobankChannel
Reklama huquqi asosida