Saudiya Arabistoni Yaman milliy valyutasi – rialni qo‘llab-quvvatlash uchun Yaman markaziy bankiga 2 mlrd dollar miqdorida depozit kiritadi. Bu haqda 11 noyabrda Yaman prezidenti Abd Rabbo Mansur Hodiy ma'lum qilgan.
“Saudiya hukumati Yaman markaziy bankiga mahalliy valyuta – Yaman rialini barqarorlashtirish maqsadida 2 mlrd dollar beradi”, deb ma'lum qilgan Hodiy Yaman hukumati a'zolarining Ar-Riyodda o‘tgan uchrashuvida. Uning aytishicha, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon qirollikning Yamanda qurilish, infratuzilmani tiklash, ta'limni rivojlantirish va boshqa sohalarga katta mablag‘lar ajratishga tayyorligini ma'lum qilgan.
“Bu mablag‘lar 2018 yil boshidan tusha boshlaydi”, deb qo‘shimcha qilgan Yaman prezidenti.
Ayni vaqtda Yaman rialining dollarga nisbatan kursi 1 dollarga 440 rialni tashkil qiladi. Yamanda qurolli mojaro boshlangandan beri milliy valyuta qiymati 100 foizdan ko‘proqqa tushib ketgan va hamon tushishda davom etmoqda, bu esa narxlarning muntazam oshishiga olib kelmoqda.
Yamanda 2014 yil avgustidan beri hukumat qo‘shinlari va husiylar orasida qarama-qarshilik davom etib kelmoqda. Yamanning huquq va taraqqiyot markazi ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yil bahoridan to shu kungacha mamlakatda 10 mingdan ko‘proq tinch aholi o‘ldirilgan, ulardan 2,4 mingi bolalarni va 2 mingga yaqini ayollarni tashkil qiladi. Shu davr ichida 18,5 ming yamanlik jarohat olgan.