Apple’ning bozor narxi 900 mlrd dollarlik qiymatdan oshdi.
8 noyabrda NASDAQ fond birjasining yopilishi oldidan kompaniyaning bir dona aksiyasi narxi 176,24 dollar turgan. Shu tariqa, Apple’ning bozor narxi 904,9 mlrd dollargacha yetgan.
Kompaniyaning bozor narxi 2 noyabrdagi savdolar vaqtida ham 900 mlrd dollarga yetgandi, biroq savdolar yopilishi oldidan uning narxi bu qiymatdan pastlagan.
CNBC’ning ta'kidlashicha, Apple ko‘rsatkichlarining o‘sishi ko‘p jihatdan yangi iPhone X smartfonining savdosi muvaffaqiyatli kechayotgani bilan bog‘langan.
Bundan tashqari, kompaniya 2 noyabrda tahlilchilar kutayotgan natijalardan yaxshiroq bo‘lgan choraklik hisobotni chop etgan. Jumladan, 2017 moliya yilining 4-choragiga ko‘ra kompaniya tushumi 12 foizga, ya'ni 52,6 mlrd dollargacha oshgan. O‘z navbatida, sof daromad 19 foizga oshib, 10,7 mlrd dollarga yetgan.