2017 yil 3-choragida Rossiyaning internet-reklama bozori ilk bor televideniyeni ortda qoldirdi. Runetda reklamadan 41 mlrd rubl, televideniyeda esa 36,2-36,7 mlrd rubl daromad olingan. Butun yil bo‘yicha esa Rossiya reklama bozori 400 mlrd rubllik ko‘rsatkich bilan tarixiy rekordni o‘rnatishi mumkin. Bu haqda Rossiya kommunikatsiya agentliklari uyushmasi ma'lumotlari darak bermoqda.
Umuman olganda, joriy yilning ilk 9 oyi natijalariga ko‘ra, Rossiyada internet-reklama bozori televideniyega deyarli yetib olgan: 115–116 mlrd rublga nisbatan 116–117 mlrd rubl.
Tushuntirilishicha, daromadlarni hisoblash usuli bozorning alohida sub'yektlari (telekanallar, saytlar va boshqalar)ning daromadlarini emas, balki mediasegmentlar daromadini hisobga oladi. “Telekanallarning saytlaridagi reklamadan olinadigan daromad jurnallar va boshqa turdagi OAV saytlaridagi kabi internet-reklamadan olinadigan daromad sifatida hisoblanadi”, deb aytdi uyushmaning tadqiqotlar, audit va reklama texnologiyalari qo‘mitasi raislaridan biri Sergey Veselov.
Rossiya reklama bozorining 2017 yilning ilk 9 oyidagi umumiy hajmi 285-287 mlrd rublni tashkil qildi, bu esa o‘tgan yilgi shu davrga nisbatan 14 foiz ko‘proqdir.
Veselovning ta'kidlashicha, rublning dollarga nisbatan kursi hisobga olinsa, 2017 yil bo‘yicha Rossiya reklama bozori hajmining dinamikasi dollarda 28-30 foizlik o‘sishni qayd qilishi mumkin.
“Milliy reklama bozorlarining renkingi qoidaga ko‘ra dollarda tuzilgani tufayli Rossiya reklama bozori kutilayotgan 7 mlrd dollarlik daromad bilan dunyodagi eng yirik reklama bozorlarining o‘ntaligiga yaqinlashishi mumkin”, deb aytmoqda Veselov.
Internetda reklamadan daromadlar oshmoqda, bu borada yangi yo‘nalishlar ochilmoqda, televideniye esa “turg‘unlik” namoyish qilmoqda, deb hisoblamoqda Rossiya prezidentining internet bo‘yicha maslahatchisi German Klimenko.