Isroil startapi Apple bilan sudlashishi mumkin

Fan-texnika 18:00 / 08.11.2017 6266

Isroilning Tel aviv shahrida joylashgan Corephotonics startapi Kaliforniyaning San Xose shahrida Apple korporatsiyasi ustidan sudga murojaat qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar qilmoqda.

2012 yili asos solingan Isroil kompaniyasining uqdirishicha, aynan u juft kamera texnologiyasiga birinchi bo‘lib patent olgan. Apple esa firmadan ruxsat olmasdan iPhone 7 Plus va iPhone 8 Plus smartfonlarida qo‘llagan. 

Startap rahbariyati miqdoriga oydinlik kiritilmagan tovon puli to‘lashni talab qilgan. Shuningdek, Corephotonics suddan Apple korporatsiyasiga o‘z telefonlarida juft kamera texnologiyasini qo‘llashni taqiqlashni so‘ragan. 

Corephotonics o‘z arizasida ko‘rsatishicha, uning birinchi harakatlaridan biri Apple bilan strategik hamkorlikni o‘rnatish umidida bog‘lanishga urinish bo‘lgan. Ammo Amerika firmasi «umid uyg‘otadigan javoblar berish hamda ijobiy ohangdagi so‘zlar bilan chegaralangan». Ammo ish texnologiyani litsenziyalashgacha bormagan. 

Corephotonics ma'lumotlariga ko‘ra, startap vakillari Apple korporatsiyasining «yetakchi muzokarachisi» bilan uchrashgan. U Isroil kompaniyasi Apple korporatsiyasidan pul undirgunicha «yillar va millionlab dollar mablag‘» ketishini aytgan. 

Gap bu yerda Corephotonics firmasining 4 ta patenti haqida bormoqda. U o‘zining ayrim texnologiyalarini Mobile World Congress ko‘rgazmasida namoyish qilgan edi.

Apple vakillari hozircha bu xabarni izohlagani yo‘q. 

Ko‘proq yangiliklar: