Davlat xaridlari bo‘yicha kontrakt summasi qanday hisoblab chiqariladi?

Iqtisodiyot 20:00 / 08.11.2017 13311

Prezidentning 3.11.2017 yildagi PF–5228-son Farmoni bilan ayrim qonunosti hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Davlat xaridlari qiymati – yana AQSh  dollari ekvivalentida

Prezidentning 6.05.2003 yildagi PF–3240-son «Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi farmoniga aniqlik kiritildi. Unga ko‘ra, bitta kontrakt bo‘yicha summa ekvivalentda 100 ming AQSh dollaridan ortiq bo‘lsa, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridi bo‘yicha tanlov (tender) savdolarini o‘tkazish majburiy hisoblanadi.

Bundan tashqari, davlat va korporativ xaridlarni amalga oshirish tartibi unga bog‘liq bo‘lgan  bitta kontrakt bo‘yicha summa yana xorijiy valyuta ekvivalentida belgilanadigan bo‘ldi:

•  1 ming AQSh dollaridan kam – narx, sifat va yetkazib berish bo‘yicha eng maqbul shartlarni taklif etgan yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni tuzish yo‘li bilan. Bunda summa MBning shartnoma tuzilgan kundagi rasmiy kursi bo‘yicha hisoblab chiqariladi;
•  1 ming AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha – buyurtmachining idoraviy tanlov komissiyalari tomonidan baholanadigan eng yaxshi takliflarni saralab olish yo‘li bilan. Bu yerda summa eng yaxshi taklif kelib tushgan sanadagi MBning rasmiy kursidan kelib chiqib hisoblanadi;
•  100 ming AQSh dollaridan ortiq – tanlov (tender) savdolarini o‘tkazish yo‘li bilan. Summani hisoblab chiqarish uchun ushbu xaridlar bo‘yicha texnik topshiriq tasdiqlangan sanadagi MB rasmiy kursi qabul qilinadi.

Moliya vazirligi G‘aznachiligi vazifalari kengaytirildi

Ular jumlasiga endi quyidagilar ham kiritildi:

•  G‘aznachilik ma'lumotlar bazasini yaratish va uni, byudjyet mablag‘lari hisobiga to‘lov uchun qabul qilingan Davlat xaridlari yagona axborot portalida ro‘yxatdan o‘tkazilgan kontraktlarni muntazam ravishda yangilab turish (1.01.2018 yildan faoliyat ko‘rsatishni boshlaydi);
•  byudjyet tashkilotlari va byudjyet mablag‘lari oluvchilari bilan shartnomalar tuzishda shakllanayotgan narxlarni monitoring qilish jarayonida Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan hamkorlik qilish. Ilgari bu bilan Davlat xaridlari bo‘yicha Hukumat komissiyasi shug‘ullanar edi. G‘aznachilik uning ishchi organi funksiyasini bajargan;
•  davlat xaridlari jarayoni va mamlakatimiz kichik tadbirkorlik sub'yektlari uchun ajratiladigan kvotalar bajarilishini monitoring qilish;
•  xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni insofsiz yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Hujjat 4.11.2017 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: