2017 yilning yanvar-sentabrida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi joriy narxlarda 170 074,8 mlrd. so‘mni tashkil etdi. YaIMning o‘sish sur'ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 105,3 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining 2017 yilning yanvar-sentabr oylaridagi asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha hisobotida aytiladi.
Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan o‘sish sur'atlari YaIM o‘sishida asosiy omil bo‘lib xizmat qildi. Jumladan, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi tarmog‘ining o‘sish sur'ati 103,5 foiz, (YaIM tarkibidagi ulushi – 16,9 foiz), sanoat – 104,1 foiz (25,0 foiz), qurilish – 105,3 foiz (7,4 foiz), savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar – 106,5 foiz (11,6 foiz), tashish va saqlash, axborot va aloqa – 107,3 foiz (13,1 foiz) va xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tarmoqlar – 106,0 foiz (26,0 foiz) ni tashkil qildi.
2017 yilning yanvar–sentabrda YaIM tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 50,7 foizni tashkil qildi, bu esa 2016 yilning yanvar-sentabriga nisbatan 0,6 punktga kamdir (51,3 foiz). Jumladan, tashish va saqlash, axborot va aloqa xizmatlari 0,6 punktga kamaydi va hisobot davrida 13,1 foizni tashkil qildi. Savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ulushi 0,5 punktga oshdi va 11,6 foizni tashkil qildi, xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tarmoqlar ulushi 2016 yil yanvar–sentabrdagi 26,5 foizdan 2017 yil yanvar-sentabrda 26,0 foizga tushdi.
Mulkchilik shakllari bo‘yicha YaIM umumiy hajmining 80,3 foizi iqtisodiyotning nodavlat sektoriga, 19,7 foizi – davlat sektoriga to‘g‘ri keldi.
2017 yilning 9 oylik ma'lumotlariga ko‘ra YaHMning yuqori o‘sish sur'atlari Andijon viloyatida (107,1 foiz), Xorazm viloyatida (106,7 foiz) va Toshkent shahrida (106,1 foiz) kuzatildi. Yalpi hududiy mahsulot o‘sish sur'atlarining respublika darajasiga (105,3 foiz) nisbatan past ko‘rsatkichlari Sirdaryo (99,0 foiz), Navoiy (100,7 foiz), Buxoro (103,0 foiz) va Surxondaryo (103,0 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Respublika bo‘yicha YaIMni shakllantirishda Toshkent shahri 15,5 foizli ulush bilan yetakchilik qilmoqda, Toshkent va Samarqand viloyatlari mos ravishda 10,8 foiz va 7,2 foiz ko‘rsatkichi bilan keyingi o‘rinlarni egallashgan. YaHMning eng kam ulushi Sirdaryo viloyatida (1,9 foiz), Jizzax viloyatida (2,5 foiz), Xorazm viloyatida (3,4 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (3,4 foiz) kuzatildi.