O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 2017 yilning yanvar–sentabrida 19 951,5 mln. AQSh dollarini, jumladan eksport – 10 359,6 mln. AQSh dollarini, import – 9 591,9 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining 2017 yilning yanvar-sentabr oylaridagi asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha hisobotida aytiladi.
Tashqi savdo aylanmasining saldosi – 767,7 mln. AQSh dollarni, shu jumladan MDH davlatlari bilan 715,8 mln. AQSh dollarini va boshqa davlatlar bilan 51,9 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.
Respublika rezidentlarining tashqi savdo operatsiyalari asosan Osiyo (jami tovar aylanmasining (45,7 foizi), Yevropa (44,2 foizi) va Amerika (2,6 foizi) davlatlari bilan amalga oshirilgan bo‘lib, jami savdo aylanmasining 92,5 foizini tashkil qildi.
MDH davlatlari orasida Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina va Tojikiston davlatlari, tashqi savdo aylanmasida asosiy hamkorlar hisoblanib, ularning jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 28,6 foizni tashkil qiladi, boshqa davlatlar orasida Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Germaniya, Afg‘oniston, Braziliya, Hindiston, Latviya, Eron, Fransiya, Litva, AQSh, Italiya davlatlari hisoblanadi va ularning ulushi 40,4 foizni tashkil qiladi.