So‘nggi vaqtlarda kriptovalyutalar, ya'ni virtual pullar xususidagi xabarlar xalqaro moliyaviy ekspertlarning diqqat-markazida turibdi. Xalqaro Valyuta jamg‘armasi direktorining sobiq o‘rinbosari, ayni vaqtda Allianz sug‘urta va investitsiya kompaniyasi bosh iqtisodiy maslahatchisi Muhammad Al Arian ham bu borada o‘z fikrini bildirdi.
Uning aytishicha, bitkoin valyuta emas, balki mahsulotdir. Chunki, u valyutaga lozim bo‘lgan barqarorlikka erisha olgani yo‘q. CNBC telekanalining xabar qilishicha, Al Arian bu haqda Singapurda bo‘lib o‘tgan Barclays Osiyo forumida bayonot bergan.
«Valyuta jamg‘arma va alshmashuv vositasidir. Uning qiymati ham nisbiatan barqaror. Ammo bitkoin haqida bunday deb bo‘lmaydi. U endigina barqarorlikka erishishga urinmoqda. Shunday ekan, u valyuta emas, balki mahsulotdir», — degan u.
Al Arian sentabr oyida ham bitkoin xususida fikr bildirib, Bitkoin o‘sha vaqtdagi qiymatidan (4 ming AQSh dollari) yarmini tashkil etishi kerakligini aytgandi.
3 noyabrda esa bitkoin 7300 dollar atrofida sotildi. Umuman, joriy yilda kriptovalyutalar hukumatlar va yirik tashkilotlarning e'tiborini tortmoqda. Bitkoin atrofida esa, bozor ishtirokchilari va jahonning yirik ekspertlari o‘rtasida tortishuvlar davom etmoqda.
Xususan, JPMorgan Chase bosh direktori Jyeyms Daymon bitkoinni «firibgarlik» deb atagan bo‘lsa, milliarder Piter Til odamlar kriptovalyutaning «qadriga yetmayotgani»ni ta'kidladi.
Janubiy Koreya Markaziy banki ham bitkoin xususida qarashiga oydinlik kiritgan va uni valyuta emas, mahsulot deb baholashini aytgan edi.