AQSh 2017 yil 30 sentabrda tugagan moliyaviy yil ichida harbiy razvedkaning o‘ziga 18,4 mlrd dollar sarflagan. Bu haqda Pentagon ma'lum qildi.
2 noyabrda tarqatilgan qisqa bayonotda “harbiy razvedka dasturini, jumladan xorijiy operatsiyalarni amalga oshirish uchun bir yillik byudjyet 18,4 mlrd dollarni tashkil qilgani” ma'lum qilingan. AQSh mudofaa vazirligi bayonotda “bu dastur va uning moliyalashtirilishi bo‘yicha boshqa hech qanday ma'lumot xavfsizlik nuqtai nazaridan taqdim qilinmasligini” ma'lum qilgan.
Iyunda Pentagon AQSh kongressidan 2018 moliyaviy yilda harbiy razvedkaga 20,7 mlrd dollar so‘raganini ma'lum qilgan. Bu qiymat hali ham muhokama qilinayotgan mudofaa xarajatlari byudjyet loyihasiga kiritiladi. Oq uy keyingi moliyaviy yilda mudofaa vazirligiga 668 mlrd dollar ajratilishini so‘ragan. Yana 60 mlrd dollar xorijda, jumladan Suriya, Iroq va Afg‘onistonda operatsiyalarni amalga oshirish uchun so‘ralgan.
Ta'kidlash joizki, AQSh mudofaa vazirligining razvedka boshqarmasida 3 oktabrda rahbariyat o‘zgardi. Unga endi general-leytenant Robert Eshli boshchilik qilmoqda. Bu boshqarmada 16,5 ming harbiy va noharbiy xodimlar faoliyat yuritadi hamda ulardan deyarli 50 foizi AQShdan tashqarida, jumladan 140 tadan ko‘proq davlatda o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifalarni ado etadi.