Sarmoyadorlar global tijoriy ko‘chmas mulkka 464 mlrd. dollar sarflashdi

Iqtisodiyot 17:30 / 02.11.2017 4604

Dunyodagi geosiyosiy keskinlik va moliyaviy beqarorlikka qaramasdan, sarmoyadorlar ko‘chmas mulkka investitsiya kiritishdan bosh tortishayotgani yo‘q. 2017 yilning 9 oyi mobaynida ular dunyodagi tijorat ko‘chmas mulkiga 464 milliard dollar sarfladilar, deya xabar beradi «Vedomosti» gazetasi JLL kompaniyasi tahlilchilarining tadqiqotiga asoslanib.

Bu o‘tgan yilning xuddi shu davridagi ko‘rsatkichdan 2 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, uchinchi chorakda investitsiyalar hajmi o‘zgarmadi va o‘tgan yil darajasida qoldi - 166 mlrd. dollar.

Investitsiya mablag‘larining asosiy qismi Yevropa mintaqasiga to‘g‘ri keldi, bu ko‘rsatkich uchinchi chorakda 14 foizga o‘sib, 183 milliard dollarni tashkil etdi. Yevropada Germaniya va Hollandiya bozorlari yuqori dinamikaga ega. Bundan tashqari, Brexit’ning e'lon qilinishiga qaramay, Buyuk Britaniyada bitimlar hajmi uch chorakda 28%ga oshdi.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yilning dastlabki uch choragida o‘sish 12 foizni tashkil etdi. Investitsion ko‘rsatkichlarning o‘sishi Singapur va Hongkongda joylashgan mahalliy sarmoyadorlar tomonidan barqaror talabni yuzaga keltirdi - yil boshidan buyon bitimlar 28 va 17 foizga oshdi.

Salbiy dinamika faqat Shimoliy va Janubiy Amerikada kuzatilgan. Bu yerda bitimlar hajmi uch chorakda 11 foizga kamaydi (184 mlrd. AQSh dollarigacha). AQShdagi faollik uch chorakdan beri pasaymoqda, ayni paytda mamlakat jahonda eng yirik investitsiya bozoriga ega: yil boshidan buyon jahon miqyosidagi amaliyotlar hajmining 44%i uning hissasiga to‘g‘ri keldi. Mintaqaning «yorqin nuqtasi» Kanada bo‘lib, uch chorakda investitsiyalar hajmi 31%ga oshdi va joriy davrda eng yuqori nuqtaga yetdi.

Investitsion bitimlar bo‘yicha shaharlar reytingida birinchi o‘rin Londonda – uch chorakda 26 mlrd. dollar. Ikkinchi pog‘onada Los-Anjyeles - 7,3 milliard dollar. Sarmoyadorlarning sobiq favoriti Nyu-York - uchinchi o‘rinni egalladi (14,2 milliard dollar).

Ko‘proq yangiliklar: