Doing Business-2018 reytingida O‘zbekiston 74-o‘rinni egalladi. Bu haqida tashkilotning 31 oktabr kuni chop etilgan hisobotida ma'lum qilindi.
"Doing Business-2018: ishchi o‘rinlarni yaratish yo‘lidagi islohotlar" reytingi Jahon bankining 15-yillik hisoboti hisoblanadi. Reyting 190 mamlakatdagi barcha biznes-qoidalar va mulk huquqlari himoyasiga doir ko‘rsatkichlardan kelib chiqib tuziladi.
Doing Business biznes hayotidagi 11 sohani qamrab oladi. Bu sohalardan 10 tasi biznes yuritishdagi yengilliklarga ko‘ra qayd etilgan: biznesni boshlash, qurilishga ruxsat olish, ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, kredit olish, soliqlarni to‘lash, chegaralar orqali savdo qilish, shartnomalar tuzish va h.k.
2018 yilgi reytingning ilk uch o‘rnini Yangi Zelandiya, Singapur va Daniya egallagan. Koreya Respublikasi, Hongkong va AQSh 4-,5- va 6-o‘rinlarda qayd etilgan. Kuchli o‘nlikka, shuningdek, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Gruziya va Shvetsiya kiritilgan.
Hisobotga ko‘ra, 119 mamlakat ishbilarmonlari o‘zlarining normativ doiralarini yaxshilashga muvaffaq bo‘lishgan.
2016-2017 yilda ko‘plab mamlakatlarda biznes yuritishni yengillashtirishga doir qator ishlar amalga oshirilgan. Bu ro‘yxatda 34 mamlakat nomi qayd etilgan: O‘zbekiston, Angola, Ozarboyjon, Benin, Butan, Bruney, Kabo-Verde, Jibuti, Salvador, Gruziya, Hindiston, Indoneziya, Yamayka, Qozog‘iston, Keniya, Kosovo, Litva, Malavi, Malayziya, Mavritaniya, Mavrikiy, Niger, Nigeriya, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi, Ruanda, Saudiya Arabistoni, Senegal, Serbiya, Tailand, Ukraina, BAA, Vetnam, Zambiya.
O‘zbekiston, Bruney, Tailand, Malavi, Kosovo, Hindiston, Zambiya, Nigeriya, Jibuti va Salvador 2016-2017 yillarda eng yaxshilangan iqtisodiyot ko‘rsatkichlariga ega mamlakatlar sifatida qayd etildi. Bu mamlakatlarda biznesni yengillashtirishga doir jami 53 islohot o‘tkazilgan.