So‘nggi vaqtlarda Bitkoin, virtual pul, kriptovalyutalar haqida turli xabarlar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, Bitcoin qiymati joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bir necha marta o‘sgani ko‘pchilikda ushbu valyuta, umuman kriptovalyutalar bozoriga nisbatan qiziqish uyg‘otmoqda. Quyida bitkoinlar nima uchun ishonchli ekani haqida 5 ta sabab bilan tanishishingiz mumkin.
Moliya bozorining ko‘plab ekspertlari birgina bitkoinning qisqa muddatda 1 ming dollardan 6 ming dollargacha qimmatlashishini moliyaviy pufak alomati deb hisoblashmoqda. Qayd etish joizki, kriptovalyutalar qimmatlashish sur'ati so‘nggi marotaba 1990-yillar oxirida dotkomlar bilan yuz bergan holatga o‘xshab ketadi. Ammo bitkoinning poydevori ko‘plab internet kompaniyalarnikiga qaraganda umuman boshqacha va kelajagi ham porloq deyish mumkin.
1. Qonuniy almashtirish vositasi
Bitkoinning shu vaqtgacha duch kelgan eng jiddiy muammosi qonunshunoslar va moliyaviy boshqarmalarning unga nisbatan ishonchsizligi edi. Biroq hokimiyat qarashi o‘zgarib bormoqda. Yaponiya aprel oyida bitkoinni to‘lov vositasi sifatida rasmiylashtirdi. Bu esa uning qiymatini oshirdi va mamlakatda tarqalishini kengaytirdi. Filippin aholisi esa, pul o‘tkazmalarida aynan bitkoindan foydalanmoqda. Yaqin kelajakda bitkoin bu mamlakatlarda haqiqiy to‘lov vositasiga aylansa, ajab emas.
2. Tijorat tuzilmalari tomonidan talab yuqoriligi
Bitkoinning ilk bosqichlarida uni atigi bir necha do‘kon qabul qilar edi. Ammo hozirda vaziyat tubdan o‘zgardi. Yetakchi texnologik kompaniyalar va internet do‘konlarda ham bitkoinlar bilan to‘lovni amalga oshirish mumkin. Bitkoin qiymatining o‘sishi va OAV e'tibori hamda Yaponiya kabi mamlakatlarda tan olinishi tijoriy tuzilmalarning kriptovalyutalarga qiziqishiga turtki berdi. Internet savdoda bitkoinni qo‘llash foydasi ancha kuchli: kredit kartalariga qaraganda kamroq foiz olinadi, to‘lovni qaytarish bilan bog‘liq firibgarlik ehtimoli deyarli nolga teng. Kriptovalyuta bank infratuzilmalari yaxshi rivojlanmagan mintaqalardagi xaridorlarni qamrab olish imkonini beradi. Bitkoin qanchalik keng tarqalsa, raqamli valyutaga bo‘lgan talab shunchalik barqaror bo‘ladi. Uning savdo sohasida tarqalishi cheklangani e'tiborga olinsa, kelgusidagi imkoniyatlari juda ulkan deyish mumkin.
3. Muammoli iqtisodiyotga ega mamlakatlarda boylikni saqlash vositasi
Raqamli valyuta hisoblanuvchi bitkoin nima uchun ishonchli ekaniga yana bir sabab kriptovalyutaga iqtisodiy nosog‘lom mamlakatlarda ham talab o‘sib bormoqda. Masalan, Venesuela, Boliviya va Zimbabveda bitkoindan boylik va jamg‘armalarini saqlashda foydalanishmoqda. Milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi sharoitida muqobil to‘lov vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
4. Bitkoin yaqinda ommalasha boshladi
Aytish mumkinki, 2017 yil keng jamoatchilik kriptovalyutadan xabar topgan yil bo‘ldi. Agar siz 5 yil avval istalgan biror kishidan bitkoin haqida so‘raganingizda, sizga hayron boqqan bo‘lar edi. Bugungi kunda, ko‘pchilikning undanxabari bor, ayrimlar uning oltindan ham qimmatlashganini biladi. Bitkoin shunday ommaviylikka erishgan ekan, sarmoyadorlar tomonidan unga qiziqish bildirilishi aniq.
5. Bitkoinlar soni cheklangan
Nihoyat, bitkoinning bunchalik qimmatligi unga ortib borayotgan talab cheklangan taklifga duch kelayotgani bilan izohlanadi. Kriptovalyuta shunday ishlab chiqilganki, uning maksimal hajmi 21 mln donani tashkil etadi. Bundan tashqari yangi raqamli pullarni ishlab chiqish tezligi vaqt o‘tgan sayin sekinlashadi. Shu bilan o‘sib borayotgan talab nafaqat cheklangan hajm, balki kamayib borayotgan taklifga to‘qnash keladi.
Umuman olganda bitkoin moliyaviy pufakmi, yo‘qmi degan tortishuvlar davom etadi, deyish mumkin. Biroq kriptovalyutani internet kompaniyalarning aksiyalari bilan qiyoslash noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki bu ikki toifa aktivlar o‘rtasida jiddiy farq bor.