Saudiya Arabistonining eng yirik Public Investment Fund (PIF) suveren fondi britaniyalik milliarder Richard Brensonning Virgin Group kosmik kompaniyalar guruhiga 1 milliard dollar sarmoya kiritadi. Bloomberg shu haqida ma'lum qildi.
Sarmoya Virgin Group'ning uch sho‘'ba tuzilmasiga yo‘naltiriladi: Virgin Galactic kosmik turistik kompaniyasi, kosmik qurilmalar qurilishi bilan shug‘ullanuvchi Spaceship va uncha katta bo‘lmagan sun'iy yo‘ldoshlarni kosmosga chiqarishga ixtisoslashgan Virgin Orbit. Kelishuv shuningdek 480 million dollar hajmidagi qo‘shimcha sarmoyalar imkonini ham ko‘zda tutadi.
Virgin Galactic hozirda ikki uchuvchi va olti yo‘lovchini tashiy oluvchi SpaceShipTwo kemasi ustida ishlamoqda. Kompaniya undan kosmosga chiqishda foydalanishni rejalashtirmoqda.
Saudiya Arabistoni Virgin'ning odamlarni kosmosga yo‘llash va sun'iy yo‘ldoshlarni orbitaga chiqarishga doir rejalarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Kompaniya bilan hamkorlik mamlakatga kosmos bilan bog‘liq ko‘ngilochar hordiq tizimini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi, deyiladi fond bayonotida.
Brensonning so‘zlariga ko‘ra, PIF investitsiyalari Virgin Group'ga kosmik parvozlar dasturini tezlashtirish va yangi avlod sun'iy yo‘ldoshlarini ishga tushirishga tayyorlanish imkonini beradi. Uning ta'kidlashicha, Virgin Galactic bir necha oy o‘tib, sayyohlarni kosmosga yo‘llashi mumkin.
PFI'ga ko‘ra, Saudiya Arabistoni investitsiyalar evaziga Virgin Group va Aabar Investments (Abu-Dabi) bilan bir qatorda kompaniyalarda o‘z ulushiga ega bo‘ladi. Kelishuv mahalliy hukumat tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.