Markaziy bank 9 oy yakunlariga ko‘ra hisobot berdi

Iqtisodiyot 11:10 / 27.10.2017 36759

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi o‘zining navbatdagi yig‘ilishida qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foiz miqdorida qoldirish bo‘yicha qaror qabul qildi, deyiladi Markaziy bank axborotida.

Axborotda makroiqtisodiy holat va pul-kredit siyosati tahlili yoritib berilgan. Jumladan, 2017 yilning 9 oyi davomida pul-kredit siyosati makroiqtisodiy holat, xususan yuqori inflyatsion bosim sharoitlarida amalga oshirildi, deyiladi.

Iqtisodiyot va pul-kredit sohasida shakllangan ushbu vaziyat, ichki bozorda narxlarning o‘sish sur'atlarini sekinlashtirish va inflyatsion xatarlarni cheklash vazifalari Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini joriy yilning 28 iyunidan yillik hisobda 9 foizdan 14 foizgacha oshirishni taqozo etdi.

Bu, o‘z navbatida, banklararo pul bozorida o‘rtacha foiz stavkalari yanvar-iyun oylaridagi 8,1 – 9% foizdan, III chorakda 12-12,2 foizgacha ko‘tarilishiga zamin yaratdi. Shu bilan birga, banklar tomonidan iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasini o‘rtacha 2 foiz banddan ko‘proqqa oshishi kuzatildi.

Depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining dinamikasida ham o‘sish holatlari kuzatildi. Xususan, iyul-sentabr oylarida yuridik va jismoniy shaxslarning jami muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 11,9 foizdan mos ravishda 12,9, 13,5 va 15,2 foizgacha ko‘tarildi. Bunda o‘sish, asosan, yuridik shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha foiz stavkalarining birinchi yarim yildagi o‘rtacha 6,4 foizdan 11,4 foizgacha ko‘tarilishi bilan izohlanadi.

Kreditlar va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining ko‘tarilishi asosan qisqa muddatli resurslar bo‘yicha foizlarning oshishi hisobiga ro‘y berdi.

Shu bilan bir qatorda, Markaziy bank tomonidan samarali bank nazorati, xususan kreditlash jarayonida tijorat banklari tomonidan iqtisodiy normativlarga qat'iy rioya etilishini ta'minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib borildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilning yanvar-sentabr oylarida iste'mol baholari indeksi bo‘yicha hisoblangan inflyatsiya darajasi o‘tgan yilning mos davriga (2,2 foiz) nisbatan yuqori bo‘lib, 7,8 foizni tashkil etdi.

Bunda, mazkur davrda oziq-ovqat mahsulotlari guruhi bo‘yicha narxlarning o‘rtacha o‘sishi 7,6 foizni (2016 yilning mos davrida 3,3 foizga pasaygan), nooziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha 8,6 foizni (2016 yilning mos davrida o‘sish 6,4 foiz) hamda pullik xizmatlar bo‘yicha tariflarning oshishi 7,0 foizni (2016 yilning mos davrida o‘sish 7,0 foiz) tashkil etdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, kuzatilayotgan iqtisodiy jarayonlar dinamikasi davom etgan holda qat'iy pul-kredit siyosatining saqlab qolinishi joriy yilning IV choragida monetar omillarning inflyatsiyaga ta'sirini minimal darajaga pasaytirib, ushbu davr uchun dastlab prognoz qilingan ko‘rsatkichlarga erishish uchun qulay sharoit yaratib beradi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda hamda milliy valyutadagi aktivlarning daromadliligini saqlab qolish, real foiz stavkalarining ijobiyligini ta'minlash va iqtisodiyotda pul taklifi sur'atlari o‘sishining oldini olish maqsadida qayta moliyalash stavkasi 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi, deya tushuntirish berilgan Markaziy bank axborotida.

Ko‘proq yangiliklar: