Qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilar «shakar importiga cheklov»dan tashvishda

Iqtisodiyot 09:50 / 25.10.2017 10778

Qozog‘iston qandolatchilar assotsiatsiyasi va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi shakar importini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) hududiga cheklash g‘oyasiga qarshi ekanliklarini ma'lum qilishdi. Bu haqda ikki uyushmaning Olmaotadagi qo‘shma matbuot anjumanida e'lon qilindi.

Qozog‘iston qandolatchilar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Yerlan Axmetovning aytishicha, Rossiya va Belarusning yirik ishlab chiqaruvchilari YeOII hududiga shakar importini cheklash bo‘yicha takliflar kiritmoqchi. Ushbu tashabbus 25 oktabr kuni Yerevan shahrida (Armaniston) YeOII davlatlari rahbarlari yig‘ilishida e'lon qilinadi.

Qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilarining bayonotlariga ko‘ra, ushbu chora YeOIIga a'zo bo‘lmagan mamlakatlardan olib kiriluvchi shakarga bojxona boji qo‘shishni nazarda tutadi. Bu esa, tayyor mahsulotlar, jumladan, qandolatchilik va ichimliklarning yuqori narxiga olib kelishi mumkin. Hozirgi vaqtda Qozog‘iston ishlab chiqaruvchilari uchun shakarni import qilishda investitsion imtiyozlar amal qiladi, u shakarni keyinchalik qayta ishlash uchun bojsiz olib kirish imkonini beradi.

Assotsiatsiyalar vakillarining ta'kidlashicha, YeOII mamlakatlariga shakarning import qilinishiga taqiq Rossiya va Belarus yirik ishlab chiqaruvchilariga shakar bozoridagi narx siyosatini belgilashga imkon beradi. Shu munosabat bilan, uyushmalar shakarning obektiv bozor narxini aniqlash va taklif hamda talab asosida narxlar muvozanatini shakllantirish uchun xomashyo birjasini tashkil etishni taklif qilishmoqda. Bundan tashqari, uyushmalar YeOII ishtirokchi davlatlari ichki bozorni yetarlicha shakar bilan ta'minlay olishi bo‘yicha monitoring o‘tkazishni tavsiya etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: