Moliyaviy konglomerat kelajakning turli texnologiyalariga 880 milliard dollar sarmoya kiritish rejalari haqida ma'lum qildi. BI shu haqida xabar berdi. Kompaniyaning allaqachon 100 milliard dollarlik hajmga ega Vision Fund sarmoya fondi bor. Uning yangi iteratsiyalari har 2-3 yilda ishga tushiriladi, deyiladi kompaniyada.
SoftBank - Nvidia, ARM, Improbable'ga investitsiyalar kiritishda Vision Fund'dan foydalangan. Fond shuningdek Uber'ning 20 foizini qo‘lga kiritishi bilan shartnomani tugallashga yaqin turibdi. Kuni kecha SoftBank Group bosh direktori Masayesi Son joriy fond tugagandan keyin umumiy hajmi 880 milliard dollarlik yana uch Vision Fund 2, 3 va 4 ketma-ket tashkil qilinishini ma'lum qildi.
Sonning aytishicha, SoftBank kamida 1000 texnik kompaniyaga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bunda birinchi navbatda sun'iy intellekt va robot texnikasi bilan ishlovchi kompaniyalarga e'tibor qaratiladi. Masayesi Son ilgari "singulyarlik" konsepsiyasiga ishonishi haqida aytgandi. Uning fikricha, 30 yildan keyin shunday davr keladi, biroq hozirning o‘zidayoq shuni inobatga olib investitsiyalarni amalga oshirmoqda.
"Men singulyarlik davri kelishiga ishonaman, shu bois pul yig‘ib, uni investitsiyalashga shoshilayapman", - deydi u. Masayesi sun'iy intellekt oxir-oqibat odamlardan bir necha barobar aqlli mashinalarga yo‘l ochishiga ishonadi.
Sonning so‘zlariga ko‘ra, 880 milliard dollar ularning 10 yillik investitsiyalari uchun yetarli. Yapon konglomeratining tezligi va investitsiyalar miqdorini inobatga olganda, 10 yil hatto bunday katta summa uchun ham katta muddatdek tuyuladi.
Joriy yilda SoftBank'ning yirik investitsiyalari orasida Brain Corp, Mailbox, Boston Dynamics, Improbable, Nvidia va Slack qayd etildi. Shuningdek SoftBank Amerika kompaniyasiga eng yirik investitsiya haqida e'lon qildi - u WeWork startapiga 4,4 milliard dollar sarflaydi. Masayesining o‘zi yaqinda vertikal fermalarda o‘simliklar yetishtiruvchi Plenty startapiga 200 million dollar sarmoya kiritgandi.