Joriy yilning 19 oktabr kuni har yilgi O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumi va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur tadbirlarning tashkilotchilari sifatida o‘zbek tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, qozoq tomonidan esa - «KAZAKH INVEST» Milliy kompaniyasi hamda Qozog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va rivojlantirish vazirligi ishtirok etdi.
Tadbirda Qozog‘istonning mashinasozlik, qurilish, oziq-ovqat, farmatsevtika, kimyo, qadoqlash, yengil sanoat kabi sohalarida faoliyat yuritayotgan 30 dan ortiq kompaniyasi qatnashadi.
Ushbu kompaniyalarning mahsulotlari yengil avtomobillar, elektr qozonlar, transformatorlar, metall cherepitsalar, alyumin profillar, sement, lak-bo‘yoq materiallari, quvurlar va fitinglar, moy, un, shrot, muzlatilgan baliq, dori vositalari, kaustik soda va boshqalardan iborat.
Aytib o‘tilgan tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish va kengaytirishga ko‘maklashish, yangi qo‘shma korxonalarni ishga tushirish va ikki tomonlama mahsulot aylanmasini oshirishdan iborat.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 200 dan ziyod kompaniya faoliyat yuritadi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra davlatlar orasidagi mahsulot aylanmasining hajmi 2 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Tomonlar bu ko‘rsatkichni 5 mlrd. AQSh dollariga yetkazishni ko‘zlamoqda.
Qayd etish kerakki, shu yilning mart oyida Ostonada hamda 16 sentabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan ikkita biznes-forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida umumiy qiymati 1,2 mlrd. AQSh dollariga teng shartnomalar imzolandi.
Biznes forum va kooperatsion birja doirasida AO "Alageum Electric" bilan xamkorlik memorandumi va TOO "Sieger WDF" bilan tovar yetkazib berish shartnomasi imzolandi.