Germaniyaning Volkswagen avtokonserni ilmiy tadqiqot texnologiyalariga 1,7 mlrd dollar mablag‘ kiritadi. Bu sarmoya 2022 yilgacha elektr yuk mashinalari va avtobuslarini ishlab chiqishga ham sarflanadi. Bu haqda Volkswagen Truck & Bus bo‘limi boshlig‘i Andreas Renshler ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.
Renshlerning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar elektrodvigatellar, muqobil boshqaruv tizimlari, shuningdek, avtomobillarni boshqarish uchun bulutli tizimlarni barpo etishga sarflanadi. So‘nggi vaqtlarda yuk mashinalari ishlab chiqaruvchilar elektrlashtirilgan yuk avtomobillari ishlab chiqishga faol sarmoya kiritmoqda. Siyosatchilar va davlat idoralari yirik shaharlarning havosi ifloslanishiga doir me'yorlarni kuchaytirayotgani ham bunga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, sentabr oyida Volkswagen Truck & Bus hamda Amerikaning Navistar International Corp elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilishini e'lon qilgan edi.