General Motors’ning elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha rejalari ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda Electrek.
AQSh kompaniyasi 18 oy ichida ikkita yangi to‘liq elektr avtomobilni taqdim qiladi. Bu mashinalar Chevrolet Bolt EV’ning takomillashgan variantlari hisoblanadi. Va bu boshlanishi: bu mashinalar 2023 yilgacha ishlab chiqariladigan 20 ta yangi elektrokarlardan birinchilari bo‘ladi, deb ta'kidlanmoqda kompaniyada. Shuningdek, kompaniya vodorod yonilg‘i elementiga asoslangan yangi platforma ishlab chiqarishini ma'lum qildi.
Kompaniya Xitoyda o‘zini anchagina tutib olgan, biroq AQShda o‘zini ehtiyotkorona tutmoqda, boz ustiga Bolt EV savdolari muvaffaqiyatli bo‘lmagan. Bolt EV ilk hamyonbop elektromobil deb e'tirof etilganiga qaramasdan, undan AQShda oyiga bor-yo‘g‘i 200 donadan sotilgan. Biroq past savdolarga qaramasdan, model egalari va avtomobilsozlik sohasi tomondan yaxshi qabul qilingan va shu sababli bu model yangi elektromobillar uchun asos bo‘lishi ajablanarli hol emas.
Bu orada GM haydovchisiz avtomobillar sohasiga ham mablag‘lar va kuchlarni sarflamoqda. Deutsche Bank tahlilchisining ta'kidlashicha, kompaniya Tesla’ni ortda qoldirib, rejalashtirilgandan avval, ya'ni bir necha yil emas, balki choraklardan keyin to‘liq avtonom avtomobilni ishlab chiqaradi. Tahlilchi shuningdek kompaniyaning avtomobillarni ijaraga berish bo‘yicha korxonalari ham muvaffaqiyatga erishishini aytmoqda. Bu esa GM’ga Uber taksi xizmati bilan raqobat qilishga imkon beradi, chunki yangi elektr modellarga xizmat ko‘rsatish xarajatlari ichki yonuv dvigateliga ega mashinalarnikidan kamroq bo‘ladi.
Avtomobil sanoatining qolgan gigantlari ham elektromobillar bozorida o‘z o‘rnini topishga harakat qilmoqda. Ulardan ba'zilari raqobatchi kompaniyalar bilan birlashishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Misol uchun, o‘tgan haftada Toyota va Mazda elektromobillar yaratish va ishlab chiqarish bo‘yicha birgalikdagi rejalari haqida ma'lum qilishgan.