Farg‘onadagi ko‘p qavatli uylar qishga tayyor(mi)?

Jamiyat 14:49 / 30.09.2017 12516

Jazirama yozni kuzatib, oltin kuzni ham qarshi oldik. Kuz havosi sezilishi bilan sovuq kunlarga tayyorgarlikni boshlab yuboramiz. Ammo dono xalqimiz “qish g‘amini yozda yegin”, deb bejiz aytmagan. Xo‘sh, bugun ko‘p qavatli uylar kuz-qish mavsumiga tayyormi? Xususan, Farg‘ona viloyatida ahvol qanday? 

KUN.UZ tahririyati Farg‘ona viloyatiga safari chog‘ida ayni mavzu bo‘yicha aholi murojaatlariga e'tibor qaratdi. Jumladan, Farg‘ona shahar, Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan 37-J va Ye-uylarda istiqomat qiluvchi aholi bilan uchrashildi va ko‘p qavatli uylarining bugungi ahvoli haqida suhbatlashildi. 

“Tomdan suv oqmoqdaki, qo‘yaverasiz. Shirkat bankdan 199 mln. so‘m kredit olgan ekan. Biroq, bu uy uchun smetani ko‘rsating, nima ishlar qilganingiz ayting, hisobotni bersangiz, barcha qarzdorlikni darhol to‘lab beramiz, desak, ma'lumotni berishayotgani yo‘q. Tomni ham ta'mirlashayotgani yo‘q. Oxirgi marotaba ta'mirlanganiga 8-9 yil bo‘ldi. Uni ham o‘zimiz pul yig‘ib qilganmiz. Endi “Yangi kredit olaman, qo‘l qo‘yib bering, undan keyin tomni yopaman” deyapti. Issiq suv va isitish tizimi 10 yildan beri umuman yo‘q. Uning quvurlari bor edi. Biroq, yaqinda shirkatdan kelishib, o‘sha quvurlarni ham kesib olib ketishdi. Sovuq suv yomon beriladi. Bolalar maydonchasi ham yo‘q.

Shirkatni bironta ishini ko‘rganimiz yo‘q. 1-yo‘lakda temir eshikdagi zarur qurilma va kafellarni o‘zimiz qilganmiz. “Nima ish qildinglar?”, deb so‘rasak, “Shuni qildik-ku”, deyishadi. Bitta ham ishini ko‘rganimiz yo‘q, lekin qarzsizlar, deb kvitansiyani jo‘natgani-jo‘natgan. Pulni nega beramiz? Axir, hamma ishni o‘zimiz qilamiz-ku?! Shu muammolar bo‘yicha shahar hokimiyatiga ariza yozdik. Biroq, samarasi yo‘q. Mahallaga ham murojaatlar bilan chiqqanmiz. Shirkatning hattoki nomini ham bilmaymiz. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bir kishi kelib, sharoitlar bilan qiziqqani yo‘q”, - deydi mahalliy aholi vakillari.

Aholi ushbu uyning xo‘jalik ishlariga mas'ul qilingan shirkat faoliyatidan norozi. Shu jumladan, unga yondosh bo‘lgan kafe va avtomobil yuvish shoxobchasidan ham.

“Bu kafening dastidan tinchlik yo‘q, kechasi bilan shu yerda urush-janjal. Mahalliy aholi vakillaridan bir nechasi necha marotaba tez tibbiy yordamni chaqirdi. Uning bir tomoni internat-maktab – bir devor bilan ajralib turadi. Chiqib aytdik ham, foydasi yo‘q. Prokuraturadan kelgan odamlarga ham aytdik, ular “Agarda urushayotgan bo‘lishsa, qo‘rqsangiz qaramang”, deyishdi. Mahalla raisi, hammaga aytdik, ulardan ham javob shu qabilda bo‘ldi. Bundan tashqari, avtomobil yuvish shoxobchasidan chiqayotgan tovush ham tinchlik bermaydi. Ovozi aeroportnikidan ham baland. 

Umuman olganda, sizlarni ko‘rib, bizlardan ham xabar oladigan odamlar bor ekan, deb xursand bo‘ldik. Sizlarga rahmat!”, - deydi fuqarolar.

Muhokama va munozara qilayotgan muammolar imkonsiz emas. Tashabbus va g‘ayrat qilinsa, qish kunlarining kelishiga qadar bartaraf etsa bo‘ladi. Muhimi, har kim o‘z vazifasini sidqidildan bajarishi. Umid qilamizki, mutasaddi va mas'ul xodimlar bunga befarq bo‘lmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: